Rossiyaning Ukrainada «maxsus operatsiya» boshlashi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy-siyosiy beqarorlik va noaniqliklar O‘zbekiston kabi Rossiyaga kuchli bog‘langan iqtisodiyotlar uchun turli xatarlarni keltirib chiqardi. Shunday xatarlardan biri savdo-iqtisodiy munosabatlarning yomonlashuvi hisoblanadi.

Avvalo e’tiborga olish joizki, og‘ir sanksiyalar bosimi ostida Rossiyaning tashqi savdo hajmi mart oyining o‘zidayoq rekord darajada qisqardi. Shu bilan birga, g‘arb mamlakatlarining haligacha Rossiya tomonidan yetkazib beriladigan energiya resurslaridan to‘liq voz kecholmayotganligi hamda energiya resurslari narxlarining o‘sib borayotganligi Rossiyaning eksport tushumlari barqaror yuqori darajada saqlanib qolishiga zamin yaratmoqda. Biroq, Rossiyaga nisbatan kiritilgan oltinchi sanksiyalar paketidan dengiz orqali kirib keladigan Rossiya nefti ham joy olgan va bu endilikda Rossiyaning energiya resurslaridan oladigan daromadi pasayishida muhim rol o‘ynashi mumkin.

Shunga qaramay, Rossiya import bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Xususan, mart oyining o‘zida Rossiyaning Yaponiya, Koreya, Tayvan va kollektiv G‘arb (aniqrog‘i, Ukrainadagi urushga qarshi) mamlakatlaridan importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga, urushga betaraf yoki Rossiya tomonida bo‘lgan davlatlardan import hajmi (Xitoyni qo‘shib hisoblaganda) 45 foizga kamaygan. Umuman olganda, turli prognozlarga ko‘ra, Rossiyaning joriy yilda rekord darajadagi savdo profitsitiga (eksport ko‘rsatkichining import ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lishi) erishishi kutilayotganligi ham bejiz emas. Hozirgi kunda Rossiya iqtisodiyoti uchun import masalasi tobora qiyinlashib bormoqda.

Bunday tendensiya O‘zbekistonning Rossiya va boshqa davlatlar bilan savdo aloqalariga qanday ta’sir qildi?

O‘zbekiston tashqi savdosi bo‘yicha to‘rt oylik hisobotlardagi raqamlarga e’tibor qaratsak, ko‘rish mumkinki, import ham, eksport ham yuqori suratlarda o‘smoqda. Xususan, 2022 yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatning eksport hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 barobarga oshgan. Import hajmi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ko‘paygan. Umuman olganda, eksport hajmining bunday yuqori sur’atda o‘sayotganligining asosiy sababi oltin eksporti hisoblanadi. O‘tgan to‘rt oy mobaynida O‘zbekiston qariyb 3 mlrd dollar qiymatdagi oltin eksportini amalga oshirgan. Taqqoslash uchun, 2021 yilning mos davrida umuman oltin eksport qilinmagan edi.

Shunisi e’tiborliki, tashqi savdo o‘sishi hatto Ukrainadagi urush fonida — mart-aprel oylarida ham o‘zining yuqori sur’atlarini saqlab qolgan. Xususan, import hajmi mart oyida 2021 yilning mart oyi bilan taqqoslaganda 45 foizga o‘sgan bo‘lsa, aprel oyida bu ko‘rsatkich 32 foizni tashkil etgan. Albatta, aprel oyiga kelib importning o‘sish sur’atida biroz pasayish kuzatilgandek tasavvur uyg‘onishi mumkin, biroq mos davr bilan taqqoslaganda 32 foizlik o‘sishning o‘zi ham sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. Eksport hajmi esa mart oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga o‘sgan bo‘lsa, aprel oyiga kelib bu ko‘rsatkich 18 foizni tashkil etgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, urush harakatlari davom etayotganligiga qaramasdan O‘zbekiston tashqi savdosi hozircha sog‘lom ko‘rsatkichlarda o‘smoqda.

O‘tgan to‘rt oylik davr uchun tashqi savdo ko‘rsatkichlari o‘zgarishini tashqi savdo geografiyasiga ko‘ra — alohida davlatlar kesimida olib qaralsa, mart-aprel oylaridagi tendensiyalar turlicha bo‘lganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Import ko‘rsatkichlari tahlillari shuni ko‘rsatadiki, Rossiya hamda Qozog‘istondan import hajmining o‘sish sur’ati aprel oyiga kelib sezilarli darajada sekinlashgan (1-jadval). Xususan, Rossiya va Qozog‘istondan import hajmining o‘sish sur’ati mart oyida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda mos ravishda 39 foiz hamda 37 foizni tashkil etgan bo‘lsa, aprel oyiga kelib mazkur ko‘rsatkich har ikkala davlat uchun ham 13 foizni tashkil etgan xolos.

Umuman olganda, 13 foizlik o‘sishni ham yuqori sur’atdagi o‘sish deb baholash mumkin, biroq, birinchidan, mart oyidagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashgan bo‘lsa, ikkinchidan, umumiy import hajmining o‘sish sur’ati bilan taqqoslagan holda, bu ikki davlatdan importimiz yomonlashgan, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Mart-aprel oylarida import hajmining 2021 yilning mos davriga nisbatan karrasiga o‘zgarishi

mart
aprel
Jami
1.45
1.32
Rossiya
1.39
1.13
Xitoy
1.60
1.28
Qozog‘iston
1.37
1.13
Turkiya
1.09
1.25
Janubiy Koreya
0.94
2.62

1-jadval. Manba: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblab chiqilgan.

Mart oyida asosiy savdo hamkorlarimizning ko‘pchiligi bilan tashqi savdo aylanmasida mamlakatimizning eksport ko‘rsatkichlari qisqargan (2-jadval). Xususan, Rossiyaga eksport hajmi 2021 yilning mart oyiga nisbatan 1 foizga, Qozog‘istonga — 7 foizga hamda Turkiyaga — 11 foizga qisqargan.

Mart-aprel oylarida eksport hajmining 2021 yilning mos davriga nisbatan karrasiga o‘zgarishi

mart
aprel
Jami
1.16
1.18
Rossiya
0.99
1.60
Xitoy
1.15
1.79
Qozog‘iston
0.93
1.50
Turkiya
0.89
1.26
Janubiy Koreya
1.66
2.50

2-jadval. Manba: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblab chiqilgan.

Rossiya va Qozog‘istonga eksportimizning qisqarishini asosan urush harakatlarining boshlanishi ortidan bu davlatlar milliy valyutalarining (rubl hamda tenge) qisqa muddatda dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, urush fonida yuzaga kelgan noaniqliklarning ortib ketishi bozor qatnashchilarining qarorlari va harakatlariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi ikki sabab va, ehtimol, yana boshqa omillar ta’sirida bu davlatlarga eksportimiz qisqargan. Ammo mart oyida Turkiyaga eksport hajmining qisqarishi biroz tushunarsiz tendensiya bo‘lib, bu holatga logistika bilan bog‘liq noaniqliklar ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin, biroq 11 foizlik pasayishni izohlash uchun bu omilning o‘zi yetarli emas.

Mart oyidagi pasayishlarga qaramay, yuqorida nomi keltirilgan davlatlarga eksportimiz hajmi aprel oyida yuqori sur’atlarda o‘sgan (2-jadval). Xususan, Rossiyaga eksport hajmi 2021 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 60 foizga o‘sgan bo‘lsa, Qozog‘iston misolida bu ko‘rsatkich 79 foizni tashkil etgan (Turkiyaga — 26 foiz). Ya’ni bir oylik pasayishga qaramasdan, O‘zbekistonning Rossiya hamda Rossiya bilan bitta ittifoqda bo‘lgan yirik savdo hamkoriga eksporti hajmi keskin ravishda qayta tiklangan. Bu tendensiyani birinchi navbatda valyuta kursining o‘zgarishi, ya’ni tenge hamda rublning qayta barqarorlashishi bilan izohlash mumkin. Xususan, aprel oyiga kelib ikki davlat milliy valyutalari ham ozmi-ko‘pmi urushdan oldingi darajasiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi (bu qanday sodir bo‘lgani esa boshqa maqola uchun mavzu).


Manba: https://www.xe.com/currencyconverter/convert/?Amount=1&From=USD&To=KZT


Manba: https://www.xe.com/currencycharts/?from=USD&to=RUB

Bundan tashqari, urush va beqarorlikning davom etishi iqtisodiy qatnashchilarning asta-sekinlik bilan shu muhitga moslashishiga ham sabab bo‘lgan hamda ular Rossiya bilan to‘xtab turgan savdo aloqalarini qayta davom ettirishga qaror qilgan bo‘lishlari ehtimoldan holi emas. Bundan tashqari, Rossiyaning G‘arb mamlakatlari bilan aloqalarining yomonlashuvi, yuqorida ta’kidlanganidek, Rossiyaning ko‘plab davlatlardan import qilish imkoniyatini yo‘qotishiga sabab bo‘ldi. Bu esa ayrim tadbirkorlarning bunday imkoniyatdan foydalanib qolish istagida Rossiya bozoriga kirib borishga qaror qilishlariga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

O‘quvchida savol tug‘ulishi mumkinki, Rossiyaning Ukrainada urush harakatlarini boshlashi mart oyida Rossiya bilan savdo aloqalarimizga ta’sir qilganligi tushunarli, ammo Qozog‘istonga eksport ko‘rsatkichlari nima sababdan Rossiya bilan kuzatilgani singari, balki undan kuchliroq darajada qisqargan?

Qozog‘istonga eksport hajmining mart oyida, hatto Rossiyaga eksport ko‘rsatkichining pasayishidan ham yuqori darajada qisqarganligini faqat valyuta kursining o‘zgarishi tushuntirib berolmaydi. Buni Rossiyaning Qozog‘iston bilan bojxona ittifoqi rejimi amal qiluvchi bitta ittifoqda (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) ekanligi bilan izohlash mumkin. Rossiya bilan Qozog‘istonning bitta bojxona ittifoqida ekanligi bu davlatlarning biriga kirib kelgan tovarlarning bir qismi osongina boshqasiga o‘tib ketishiga (re-eksport) imkoniyat mavjud ekanligini anglatadi. Ya’ni O‘zbekiston Qozog‘istonga eksport qilayotgan tovarlarning ma’lum qismi Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tib ketayotgan bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan qaralsa, Qozog‘istonga eksportimiz hajmi Rossiyaga eksport hajmiga qaraganda tezroq sur’atda qisqargan. Shuningdek, tenge kursining qisqa muddatda keskin qadrsizlanishi ham bunda muhim rol o‘ynagan.

Yana bir jihatni unutmaslik kerakki, hozirgi narxlarning beqarorligi sharoitida import hajmining qiymatda ortayotganligi uning fizik hajmi qanday o‘zgarayotganligi haqida aniq xulosa qilishga imkon bermaydi. Ya’ni oxirgi ikki oyda urush harakatlarining davom etayotganligiga qaramasdan, import hajmining yuqori sur’atlarda o‘sayotganligi import iste’molining huddi shu sur’atda oshayotganligini anglatmasligi mumkin. Chunki importning o‘sishi uning qiymatiga nisbatan ifodalangan bo‘lib, uning fizik hajmi qanday o‘zgarayotganligini bu qiymat orqali baholash mushkul, shu bilan birgalikda, noto‘g‘ri hamdir. Ayniqsa, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi dunyo bo‘yicha yuqori sur’atlarda o‘sayotgan bir sharoitda.

Masalan, joriy yilning mart oyida dunyo bo‘yicha bug‘doy narxi indeksi 19,7 foizga, o‘simlik yog‘ining narx indeksi 23,2 foizga, shakar narxi indeksi 6,7 foizga, go‘sht narxi indeksi esa 4,8 foizga oshgan. Ko‘rib turganimizdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Bu esa importning fizik hajmi kichikroq bo‘lsa-da, uning puldagi qiymati yuqori shakllanishiga olib keladi.

Umuman olganda, Ukrainadagi urush harakatlari boshlangan davrdan keyingi ikki oyda tashqi savdo ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi nisbatan sog‘lom ko‘rinmoqda. Urush fonidagi iqtisodiy beqarorlik mart oyida yirik savdo hamkorlarimiz bo‘lgan Rossiya hamda Qozog‘istonga eksportimizning pasayishiga sabab bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, bunday tendensiyaga noaniqliklarning ortishi, valyuta kursining o‘zgarishi kabi omillar ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Aprel oyida esa mazkur davlatlarga eksport hajmi yana yuqori sur’atlarda o‘sishni boshlagan.

Urush harakatlarining davom etayotganligi mamlakatimizning importiga hozircha ta’sir o‘tkazmagan. Ammo, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining importyori ekanligimizni hisobga olsak, shuningdek, butun dunyoda asosiy oziq-ovqat tovarlarining narxi yuqori sur’atlarda o‘sayotgan bir sharoitda import tovarlarining fizik hajmi qanday o‘zgarayotganligi haqida aniq xulosa berish qiyin. Shunga qaramay, hozircha urush fonida o‘tgan ikki oyga oid ma’lumotlardan ko‘rish qiyin emaski, tashqi savdomiz davom etayotgan urushdan jiddiy zarar ko‘rmagan. Biroq, bu tendensiya kelayotgan oylarda o‘zgarishi mumkin.

Mirkomil Xolboyev — iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti