5 iyun kuni Qozog‘istonda Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha respublika referendumi o‘z nihoyasiga yetdi. Qozog‘iston Markaziy saylov komissiya dushanba kuni ertalab saylov yakunlari bo‘yicha onlayn brifing o‘tkazdi.

«6 iyun 08:00 holatiga mamlakatning barcha hududlari va xorijdagi 10 012 ta saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqish yakunlandi. Konstitutsiyaviy o‘zgartishlar bo‘yicha ovoz berish umummilliy xarakterga ega bo‘ldi», — dedi Qozog‘iston MSK raisi Nurlan Abdirov.

Nurlan Abdirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyaga muvofiq, referendumda saylovchilarning 86,06 foizi — 7 986 293 nafar fuqaro ovoz berishda qatnashganligi bois saylovni o‘tgan deb hisoblash mumkin. Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning jami soni esa — 11 734 642 nafarni tashkil etadi.

Komissiya shuningdek, referendumning taxminiy natijalarini e’lon qildi:

  • 77,18 foiz saylovchi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni ma’qullagan;
  • 18,66 foiz saylovchi esa bunga qarshi chiqqan.

Bundan tashqari, byulletenlarning 2,58 foizi haqiqiy emas deb e’lon qilindi. Ovozlarni sanab chiqishda byulletenlarning 1,58 foizi hisobga olinmadi.

Byulletenda atigi bitta savol bor edi: «Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida belgilangan (referendumga jami 56 ta o‘zgartish kiritiladi) Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalarni qabul qilasizmi?

Qonunchilikka ko‘ra, hududiy saylov komissiyalari ovozlar sanalganidan keyin ikki kun ichida har bir mintaqa uchun asl protokollarni topshirishlari shart. Shundan so‘ng respublika referendumi natijalari Markaziy qo‘mita yig‘ilishida aniqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshchiligidagi missiya vakillari referendumning borishini kuzatish maqsadida Nur-Sulton shahrida bo‘lib turishibdi.

Qozog‘istondagi referendumni 11 ta xalqaro tashkilotdan 209 nafar, 25 ta davlatdan 63 nafar hamda 11 ta saylov tashkilotidan 200 nafardan ortiq kuzatuvchilar bevosita kuzatib bormoqda.