Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi «Qo‘shchinor» mahallasida noma’lum shaxs mushukga o‘q uzdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ma’lumotni poytaxt IIBB tasdiqladi.

2 iyun kuni mahallada yashovchi 41 yoshli Malika ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. U profilaktika inspektoriga 27 may kuni kechqurun uy mushugini ko‘chaga sayr qilishga qo‘yib yuborganini, bir yarim soatdan keyin mushuk uyga qaytib kelganida burni atrofida qon oqayotgan yara borligini aytgan.

Ertasi kuni qon to‘xtamaganidan so‘ng, ayol mushukni veterinariya klinikasiga olib borgan. Tekshiruv davomida shifokor jarohatdan kichik metall sharcha olib tashlagan. Bu taxminan pnevmatik qurollarda ishlatiladigan o‘q hisoblanadi. Yarani davolab, tikishdi. Hozir mushuk uyda davolanmoqda.

Ayolning arizasi asosida Yunusobod tumani IIB xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, huquqbuzarning shaxsi aniqlanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur mahallada hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari sodir etilgan, biroq IIB xabariga ko‘ra, bu borada ichki ishlar organlariga hech qanday shikoyat kelib tushmagan.

«Agar sizning uy hayvoningiz yoki yaqin atrofdagi ko‘cha hayvonlari boshqa birovning harakatlaridan jabrlangan bo‘lsa, iltimos, qonunda belgilangan tartibda ushbu faktlar haqida xabar bering: holatlarning hech biri e’tibordan chetda qolmaydi va tekshiriladi», — deyiladi poytaxt IIBB xabarida.