Samarqandda qozog‘istonlik sayyohlarga nisbatan kuch ishlatgan ikki nafar ichki ishlar xodimi ishdan bo‘shatildi, deb xabar berdi O‘zA.

Prokuratura ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 mayga o‘tar kechasi Samarqand IIB Patrul-post xizmati xodimlari bir necha sayyohni, jumladan, Qozog‘istondan kelgan fuqaroni to‘xtatib, ularning yonida hujjatlari bo‘lishiga qaramasdan elektroshokerlarni qo‘llagan holda majburan ichki ishlar bo‘limiga shaxsni tasdiqlash uchun olib ketishgandi.

Xodimlar sayyohlarga shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri o‘tkazilayotgani uchun soat 23:00 dan keyin ko‘chada bo‘lish taqiqlangani va ularda «reja» borligini aytishgan. Sayyohlar hujjatlarini taqdim etib, taksida ketishga ruxsat berishlarini so‘ragan.

Xabar tarqalganidan so‘ng, Ichki ishlar vazirligi Samarqand shahar IIB Patrul-post xizmati xodimlari xizmat vazifasini va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini ma’lum qildi.