Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga 2010 yilgi iyun voqealari bo‘yicha jinoiy ish doirasida ayblov e’lon qilindi, deb ma’lum qildi 24.kg nashriga Atambayevning advokati Sergey Slesarev.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Almazbek Atambayev kriminal avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilish bilan bog‘liq korrupsiya ishi bo‘yicha 11 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Endilikda sobiq prezident tartibsizliklar bo‘yicha mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblanmoqda. «U iyun voqealarining oldini olishi mumkinligi, biroq hech narsa qilmaganlikda ayblanmoqda», — dedi advokat.

Qirg‘izistonda 2010 yilda fojiali voqealardan bir necha oy oldin tuzilgan muvaqqat hukumat hukmronlik qilgandi. Uning tarkibiga 14 kishi, jumladan, Roza Otunbayeva (muvaqqat hukumat rahbari), Almazbek Atambayev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (deputatlar), Damira Niyazaliyeva (sog‘liqni saqlash vaziri) kirgandi. Emilbek Kaptagayev muvaqqat hukumat apparati rahbari edi.

Iyun voqealari bo‘yicha jinoyat ishi tergovi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov topshirig‘iga binoan 2021 yil aprelida qayta tiklangandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining «Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish» moddasi bilan tergov harakatlari olib borilmoqda. Muvaqqat hukumat amaldorlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

2010 yil 10 iyun kuni Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida qirg‘iz va o‘zbek etnik guruhlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan va ko‘plab insonlar halok bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 kishi vafot etgan, biroq mamlakat OAVlari 2000 dan ortiq o‘lim haqida xabar bergandi.

Fojiali voqealar sodir bo‘lgan kunlarda O‘zbekiston Qirg‘iziston janubidan 100 mingga yaqin qochqinni qabul qilgandi.

O‘shanda O‘zbekiston TIV o‘z bayonotida shunday degandi: «O‘sh shahri ko‘chalari va uylarida bosqinchi guruhlar tomonidan sodir etilgan qotilliklar, zo‘ravonliklar, qirg‘inlar, o‘t qo‘yish va talon-taroj qilish kabi faktlarning jazosiz qolishi butun dunyo hamjamiyatining g‘azabini uyg‘otmasdan qolmaydi. Ayniqsa, ommaviy qotilliklar, o‘g‘irliklar, uylarga o‘t qo‘yishlar O‘sh shahri va O‘sh viloyatida yashovchi o‘zbek diasporasiga nisbatan sodir bo‘layotgani murosasizlik va jiddiy tashvish hissini uyg‘otmoqda».

Keyinroq O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov voqealarni izohlay turib, shunday degandi: «Bo‘lib o‘tgan voqea o‘zbek va qirg‘iz etnik guruhlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik tufayli sodir bo‘ldi, degan iddaolarga mutlaqo qarshiman. Bunga o‘zbeklar ham, qirg‘izlar ham aybdor emas».

Uning fikricha, Qirg‘iziston janubidagi fojiali voqealarga «tashqaridan uyushtirilgan va boshqariladigan qo‘poruvchilik harakatlari» sabab bo‘lgan. «Quporuvchilikni uyushtirgan kuchlar O‘zbekistonni bu qarama-qarshilikka tortishga harakat qilishdi», — degandi Islom Karimov.