Senatning 26-yalpi majlisida «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Ushbu hujjat bilan amaldagi 20 dan ziyod qonun, jumladan 4 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ma’lumki, yerlar elektron onlayn-auksion orqali faqat ijara huquqi asosida ajratiladi. Endilikda, mazkur qonun bilan Yer kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, ochiq elektron tanlov orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qo‘lga kiritgan shaxslarga o‘sha hudud hokimining tasdig‘i talab etilmaydi.

Bundan tashqari, qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim aholi qatlamlari uchun bir qator kafolatlar ham belgilanmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilasi elektron onlayn-auksionlardan yer uchastkalarini sotib olishi bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning so‘zlariga ko‘ra, yer islohoti amalga oshirilib, hokimiyatlardan yer ajratish vakolati olib qo‘yilgach, imkoniyati cheklangan shaxslarga imtiyozli yer ajratish jarayoni to‘xtab qoldi.

«Menimcha bizda nogironligi bo‘lgan shaxslar 2−3 mlndan ko‘p bo‘lsa kerak. Shu qatlamni ichida ham alohida ehtiyojga egaligi, yashash sharoitini ham e’tiborga olib, biz obyektiv va shaffof bo‘ladigan Vazirlar Mahkamasining yangi nizomini tayyorlaymiz. Lekin oldindan aytish kerak, har bir nogironligi bo‘lgan shaxs yerga kompensatsiya berishing kerak deya olmaydi. Buning imkoni bo‘lmaydi. [Mexanizmini] alohida o‘ylab, Senatga ham kiritamiz», — dedi u.

Shuningdek, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanganlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda chora ko‘rish mas’uliyati Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yuklatilmoqda.

O‘z navbatida, ushbu harakatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Xususan, Yer kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha normaga asosan Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi.

Senatorlar amaliyotda uchrayotgan turli tushunmovchiliklarga barham berish va jamiyat hayotida qonunga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda mazkur qonunni ma’qulladi.