Shavkat Mirziyoyev «Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolandi.

Unga ko‘ra, Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturini 2022−2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

2023 yil 1 martdan boshlab milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli respublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashiga:

  • bir oy muddatda ommaviy sport musobaqalari tashkil etish uchun etnosport turlari ro‘yxatini shakllantirish;
  • 2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida etnosport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish uchun mablag‘lar ajratish;
  • 2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq, etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish;
  • zarur hollarda, alohida etnosport turini rivojlantirish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)larini tashkil etish;
  • bolalar va o‘smirlar hamda yoshlarni etnosport turlariga jalb qilish kabi bir qator vazifalari yuklatildi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yildan boshlab har yili 1 martdan Sportni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazadi.

O‘z navbatida, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari rivojlantiriladi.

Belgilanishicha, 2023 yildan boshlab an’anaviy tarzda Toshkent shahrida har yili bir marotaba etnosport turlari bo‘yicha «Uzbekistan Ethno Games» respublika festivali hamda Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi.

Shuningdek, 2023 yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba polvonlar va dorbozlar ishtirokida «Polvonlar sulolasi» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.

YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya bilan hamkorlikda 2023 yil yakuniga qadar nomoddiy madaniy meros maqomi olishi mumkin bo‘lgan etnosport turlari ro‘yxati shakllantirilib, ularni YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga tavsiya etish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Hujjatda belgilanishicha, 2023 yildan boshlab Navro‘z umumxalq bayrami doirasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. «Ustoz-shogird» an’anasi asosida davom etib kelayotgan polvonlik va dorbozlik san’atini yanada kengroq ommalashtirish maqsadida polvonlik va dorbozlik san’ati to‘garaklari yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvarga qadar har bir hududda ot sporti turlariga tegishli bo‘lgan anjomlarning savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida do‘konlar faoliyati tashkil etiladi.