Senator Sodiq Safoyev hokimlarning bir vaqtning o‘zida hududiy kengashlar raislari ekanligi noto‘g‘ri ekanligini qayd etdi. Bu haqda u 24 may kuni «Inson qadri» onlayn platformasi taqdimotidan so‘ng OAV vakillariga bergan intervyusida fikr bildirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Sodiq Safoyev Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi borasida fikrlari bilan bo‘lishgan.

«Biz hozir juda katta fundamental o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turibmiz. Men ishonmanki, bularning amalga oshishi esa Konstitutsiyaning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Biz bugungi kunda 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga amal qilgan holda barcha kutilgan o‘zgarishlarni amalga oshirolmaymiz. Investitsiyalar va iqtisodiyotning rivojlanishi, yer islohoti yoki xususiy mulkni himoya qilish, inson huquqlarini kafolatlash — buning hammasi konstitutsion o‘zgarishlarni talab qiladi. Yoki aytaylik, hukumatning roli va uning xalq oldidagi hisobdorligi va oxirgisi mahalliy hokimiyat…», — deya ta’kidladi Safoyev.

«Xalq uchun eng muhimi — markaziy emas, mahalliy hokimiyat. Uni bevosita har kundagi ishlarini hal qiladigan birinchidan mahalliy kengashlarning roli. Qachongacha, hokim ayni vaqtda ham ijro hokimiyati, ham vakillik hokimiyatining rahbari bo‘lishi kerak? Bu — gapning ochig‘i, noto‘g‘ri. Konstitutsiya bu masalani yechib qo‘yishi kerak», — deydi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

«Konstitutsiya bu — asosiy qonun. Shuning uchun kelinglar, mana hozir oldimizda muayyan bir davr turibdi, shu konstitutsion o‘zgarishlarni birgalikda muhokama qilamiz. Bunda OAV faol bo‘lishi kerak, mening fikrimcha. Ba’zilar bu nima uchun kerak, demoqda. Asosiy maqsad — biz huquqiy va qonun tarafdan ustuvor bo‘lgan davlatni barpo etmoqchi bo‘lsak, zamonaviy va bugungi zamon talablariga javob beradigan Konstitutsiyani tuzishimiz kerak», — deydi u.

Yanvar oyida «Gazeta.uz» hokimlarning kengash raisi maqomini bekor qilish masalasi bo‘yicha hujjat 2,5 yil oldin tayyorlangani, lekin haligacha qabul qilinmagani to‘g‘risida maqola yozgan edi.

Oliy Majlis Senati ushbu maqola yuzasida rasmiy bayonot berib, quyi palatada muhokama qilinmagan qonun loyihasi Senatda ham ko‘rib chiqilmaganligini ta’kidlagan edi. «Mahalliy kengashlar mustaqil organ. Senat faqatgina ularning faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi, uslubiy yordam ko‘rsatadi», — degan edi Senat.