«Kommersant’» nashrining xabar berishicha, Rossiya Mehnat vazirligi xorijliklarni ishga joylashtirish bo‘yicha pilot loyihasi doirasida O‘zbekistondan Rossiyaga kelishi mumkin bo‘lgan migrantlar soniga cheklovni olib tashlashni taklif qilmoqda.

O‘z navbatida, idora tarmoq tamoyilini bekor qilish tarafdori — hozircha mamlakatdan ishchi kuchi importi uchun faqat qurilish sektori va agrosanoat kompleksi korxonalari ariza berishlari mumkin, endilikda tajriba doirasida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari tashkilotlariga ham ruxsat berish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, pilot loyihaning maqsadli ishtiroki saqlanib qoladi: ishchilar aniq ish beruvchining talabidan kelib chiqib jalb etiladi.

Rossiya Mehnat vazirligi potensial ishtirokchilar doirasini kengaytirish maqsadida O‘zbekistondan mamlakatga mehnat migrantlarini maqsadli olib kirish bo‘yicha pilot loyihaning bir qator parametrlarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. O‘tgan yil oktabrida Rossiya hukumati qabul qilgan qarorga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi loyiha kecha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning oktabrida Rossiya Mehnat, Qurilish va Ichki ishlar vazirliklari mamlakatga xorijlik ishchilarni jalb etishning yangi mexanizmi ustida ish boshlagan. O‘zbekiston hukumati bilan tuzilgan maxsus bitimga ko‘ra, Rossiyaga qurilish va agrosanoat kompleksi korxonalariga 10 ming nafar o‘zbekistonlikni jalb etishni nazarda tutuvchi pilot loyiha ishga tushirilgan edi.

Qarorga kiritiladigan o‘zgartirishlar loyihasida keltirilishicha, Mehnat vazirligi ushbu pilot loyiha doirasida Rossiyaga kirishi mumkin bo‘lgan ishchilar sonining amaldagi chegarasidan voz kechishni taklif qilmoqda. Biroq bu o‘z navbatida xorijliklarni Rossiya iqtisodiyotining turli tarmoqlari uchun kvotalar shaklida jalb qilish bo‘yicha joriy cheklovni bekor qilmaydi. Shuningdek, o‘zgartirishlar bilan ish beruvchining loyihada ishtirok etishi uchun ariza bera oladigan soha turlariga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanadi.

«Investitsion texnologiyalar» MCHJ bosh direktori Dmitriy Kotrovskiyning ta’kidlashicha, «mavjud barcha xarajatlarga qaramay, qurilish sektoriga ishchi kuchi yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar hech qayerga yo‘qolmagan — hozirda vaziyat ancha yomonlashgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, pilot loyiha doirasida mamlakatga kirishiga ruxsat beriladigan migrantlar soniga qo‘yilgan cheklovning olib tashlanishi — «bu bozorga ancha arzon ishchi kuchi kelmasa, mavjud resurslar yetmay qolishini tushunishdir».

Shuningdek, Rossiyada migrantlarni pilot loyiha doirasida agrosanoat uchun jalb qilish shu yilning fevral oyida 1,1 ming kishilik cheklangan son bilan taqdim etilgan edi. Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu sohada O‘zbekistonlik mehnat migrantlari sonini oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqqan. Qayd etilishicha, xorijdan ishchi kuchi jalb qilishga eng ko‘p bog‘langan tarmoqlar sabzavotchilik, bog‘dorchilik, parrandachilik, sut, shuningdek, oziq-ovqat va qayta ishlash sanoatlaridir. O‘z navbatida, 2021 yilda agrosanoat majmuasida mavsumiy ishlar uchun migrantlarga bo‘lgan ehtiyoj 38,2 ming kishini tashkil etgan.