Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni neft-gaz xomashyosini qazib olish va mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda tabiiy gaz iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUG) to‘liq ishga tushirib, yo‘qotishlarni bartaraf etish choralari ham muhokama qilindi.

«Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Baxodir Eshmuratovning ma’lum qilishicha, smart-gaz hisoblagichlarini o‘rnatish ishlarini sentabr oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

«Bugungi kunga qadar xususiy sektordagi uy-joylarning 97,7 foizini zamonaviy hisoblagichlar bilan qamrab oldik. Shu bilan birga, ko‘p qavatli binolarda o‘rnatish ishlari davom etmoqda. 1 sentabrgacha [o‘rnatishni] yakunlash vazifasi qo‘yildi», — dedi u.

Prezidentning 2020 yil sentabrdagi qarori bilan 2021 yil 1 avgustga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish bilan ASKUG joriy etishni yakunlash topshirilgan edi. O‘sha yilning 1 iyuniga qadar ASKUG bilan «sinxron ishlaydigan zamonaviy billing tizimi»ni yaratish topshirilgandi.

«Hududgazta’minot» matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, jami 3,54 million dona gaz hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan, shundan 2,45 millioni xususiy uylarga, 1,09 millioni xonadonlarga. 24 may holatiga ko‘ra, ishlab chiqarish korxonasi 3,06 million dona qurilma yetkazib bergan.

«2 million 961 ming 622 donasi o‘rnatildi. Ularning 2 million 383 ming 61 tasi xususiy uylarda (97 foiz) va 578 ming 561 tasi (53 foiz) ko‘p qavatli xonadonlarda. Hisoblagichlarni o‘rnatishda asosiy e’tibor xususiy uylarni qoplashga qaratiladi, ularning iste’moli yuqori. Markaziy isitish tizimi o‘rnatilgan ko‘p qavatli uylarda hisoblagichlar oxirgi navbatda o‘rnatiladi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Toshkent shahrida aqlli-hisoblagichlarni o‘rnatish joriy yilning yanvar oyi oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan edi, biroq bu muddat ham uzaytirildi.

Tender natijalariga ko‘ra, hisoblagich va boshqa jihozlarni yetkazib beruvchi sifatida Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan Texnopark MCHJ tanlandi. 2020 yil boshidan buyon ushbu kompaniya Osten savdo belgisi ostida gazli smart-hisoblagichlarni ishlab chiqaradi.

«Gazeta.uz» avval yozganidek, loyiha 2021 yilning iyuliga qadar 3,54 million dona gaz hisoblagichlarini yetkazib berishni nazarda tutgan. Loyiha qiymati 5,28 trillion so‘mga teng (Markaziy bankning o‘tgan yil 1 dekabrdagi kursi bo‘yicha qariyb 507 million dollar).

«Intellectual mulk» axborot-qidiruv tizimidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Osten tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza Artel Engineering and Management va J-United Group kompaniyalari tomonidan berilgan (yagona ta’sischi — Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev).