O‘zbekistonda islohotlar buyruq bilan muvafaqiyatli amalga oshirilishi mushkul. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 24 may kuni «Inson qadri» onlayn platformasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Jamiyatdagi tub o‘zgarishlar aholining mutlaq aksariyati tomonidan ular naqadar zarurligini chuqur va to‘la anglanilishiga bog‘liq. Faqatgina keng omma ongiga singdirilgan g‘oya qudratli moddiy kuchga aylanadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yangi muhit yaratildi, ijtimoiy, siyosiy hayot paydo bo‘ldi.

«Insonlarda daxldorlik va mas’uliyat paydo bo‘lmoqda. Hokimiyatning bo‘g‘inlari o‘rtasidagi vakolatlarning taqsimlanishini uchun sharoitlarni yuzaga keltirdi», — dedi yuqori palata raisining birinchi o‘rinbosari.

Ta’kidlanishicha, jamiyat oldida muttasil rivojlanib borayotgan ijtimoiy bozor iqtisodiyotga asoslangan, dunyoviy demokratik huquqiy davlat qurish hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishadigan jamiyat barpo etish vazifasi turibdi.

Buning uchun esa chuqur siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya jarayonini amalga oshirish, taraqqiyotni ta’minlovchi tizimli mexanizmlarni safarbar qilish zarur.

«Bu mexanizmlar ichida eng muhimlari bu — hokimiyatning uch tarmog‘i o‘rtasida bir-birini tiyib turish tizimini barcha darajada takomillashtirish, fuqarolik jamiyatining tutgan o‘rni va ta’sirini ko‘tarishdan iboratdir», — dedi Sodiq Safoyev.

«Kun tartibida turgan eng dolzarb masala — davlat hokimiyatining aholi oldida javobgarligi va uning faoliyati shaffofligini ta’minlashdir, — deya so‘zida davom etdi u. — Bu, o‘ta muhim davlat havfsizligi bilan bog‘liq masala, chunki u hukumat va jamiyat o‘rtasida ishonchni shakllantirishning omilidir».

Uning yechimi esa birinchi navbatda, halq vakillari faoliyati bilan bog‘liqligi aytildi.

«Aynan ular, parlament usullaridan samarali foydalangan holda, deputatlik so‘rov, eshituv orqali ijroi organlar belgilangan dasturlarni amalga oshirishni qat’iy nazoratga olmog‘lari zarur», — dedi Senat vakili.

Avvalroq, aynan ushbu yig‘ilishda Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Akmal Saidov Asosiy qonun islohoti zaruratini Karl Marks va Fridrix Engelsning «Kommunistik partiya manifesti»ga tayanib asoslantirishga harakat qilgani haqida yozgandi. «Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi», — dedi u.