Bugungi kunda davlat mamuriy tizim, ilgarigi davrlarga nisbatan farqli o‘laroq, nafaqat boshqaruv, balki fuqarolar va biznesga xizmat ko‘rsatish markazi sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 24 may kuni «Inson qadri» onlayn platformasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda aytib o‘tdi.

«Xokimiyatlar qay darajada ushbu talabga javob bermoqda degan savolni birinchi navbatda xalq vakillari bermog‘i lozim… Oldimizda turgan ulkan maqsadlarga erishish uchun vakillik organining roli mintaqalarda ham ortib borishi kerak. Bugun mamlakatimizda barcha darajadagi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga qariyb 6,5 ming deputat saylangan. Bu katta kuch», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi vazifalardan biri — mansabdor rahbarlarni lavozimga tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etish va ularning faoliyatiga baho berishdir. «Bu vakillik organi mavqeini yangi pog‘onaga ko‘tarish omili bo‘lishi muqarrar», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, aholini qiynayotgan muammolarni parlament usullari bilan hal etishning samarali tizimini yaratish lozim.

«Oldimizda turgan o‘ta dolzarb va murakkab vazifa — qonun ijodkorligi sohasidagi ishni butunlay yangicha tashkil etishdan iborat. Asosiy e’tiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratish kerak. Qonunni qabul qilishda soha mutaxassisi darajasida bilimga ega bo‘lish, yetuk ekspertlar fikriga tayanish lozim», — dedi senator.

Demak parlamentning analitik salohiyatini mustahkamlash — eng dolzarb masalalardan biri.

«Har bir qonunni qabul qilishda uning kelgusida ishlashini ta’minlaydigan mexanizm haqida aniq tassavurga ega bo‘lish darkor. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ishlab chiqish amaliyotini keng joriy etish vaqti keldi deb o‘ylayman», — dedi Sodiq Safoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda parlament nazorati o‘z e’tiborini qaratmaydigan soha qolmadi.

«Ilgari xavfsizlik, tashqi siyosat masalalari to‘laligicha ijro hokimiyatining mutlaq vakolati edi. Endilikda esa parlament ishtirokisiz bu sohalardagi faoliyat samarili bo‘lishi mumkin emas. Prezidentimiz urg‘u berib qayd etganidek, Yangi Uyg‘onish davri haqida gapirar ekanmiz, uning hal qiluvchi omillaridan biri — bu dunyoga ochiqlik va tashqi aloqalarning keng qamrovligidir», — dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

O‘tgan islohotlar yillarida, mamlakatning yangilangan tashqi siyosatini shakllantirish va ro‘yobga chiqarish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

«Shu bilan birga, mintaqamiz va butun dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib bormoqda, — dedi senator. — Bu esa tashqi siyosatimizning mutanosib ravishda takomillashtiruvini taqazo etadi. Mintaqadagi mavjud ijobiy tendensiyani mustahkamlash, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish jarayoni doimiy xususiy kasb etishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega».

Diplomatiyada ekologiya eng muhim ustuvorlik kasb etishi kerak. Uning mohiyati atrof muhitni muhofaza qilish va jahon hamda mintaqaning keskinlashib borayotgan ekologik muammolarini hal etishda xalqaro tashabbuslarni ilgari surish va ko‘p tomonlama dasturlarni amalga oshirishdan iborat, deya qo‘shimcha qildi Sodiq Safoyev.

Avvalroq, aynan ushbu yig‘ilishda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev islohotlar buyruq bilan muvafaqiyatli amalga oshirilishi mushkulligi va tub o‘zgarishlar aholi ularni chuqur va to‘la anglashiga bog‘liqligini ta’kidlagandi. «Taraqqiyotni ta’minlovchi tizimli mexanizmlar ichida eng muhimi — hokimiyatning uch tarmog‘i o‘rtasida bir-birini tiyib turish tizimini takomillashtirishdan iborat», — dedi u. Senator shuningdek, davlat hokimiyatining aholi oldida javobgarligini ta’minlash zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Akmal Saidov Asosiy qonun islohoti zaruratini Karl Marks va Fridrix Engelsning «Kommunistik partiya manifesti»ga tayanib asoslantirishga harakat qilgani haqida yozgandi. «Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi», — dedi u.