O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini mustaqil hayotga — umrning yanada go‘zal va mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotgani bilan tabrikladi. Bu yil respublikada 390 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar umumta’lim maktablarini bitirmoqda.

«Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim dargohlarida «so‘nggi qo‘ng‘iroq"lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari o‘tkazilayotgan ushbu quvonchli va g‘oyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman. Umid va ishonch ramzi bo‘lgan yetuklik shahodatnomalari barchangizga muborak bo‘lsin!» — dedi davlat rahbari.

«Hech shubhasiz, o‘z bilim va iste’dodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand bo‘lishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chog‘lanib turgan sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz — bizning ishonchimiz va tayanchimiz, Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir», — deyiladi tabrikda.

«Keyingi paytda xalqimiz, ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan siz kabi yoshlarimiz uchun O‘zbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda», — dedi prezident.

U yaratilgan imkoniyatlar asosida bitiruvchilarning yetuk mutaxassislar bo‘lib, «kelgusida yurtimizdagi zamonaviy klasterlar, fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta qurilishlar, firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, madaniy va ijodiy jamoalarda ish boshlaysiz va Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga albatta munosib hissa qo‘shasiz», — deya ishonch bildirdi.

«Maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e’tiborida bo‘ladi, — deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev. — Bu borada joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ota-onalar va ustozlaringiz bilan birgalikda sizlarga yaqin ko‘makchi va maslahatchi bo‘ladi».

«Hech qachon unutmang, kelajakda sizni yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan cho‘qqilarga albatta erishasiz», — dedi davlat rahbari o‘z tabrigi yakunida.