22 may kuni «kuchli beshlik» chempionatlarining yana ikki vakilida chempion jamoalar nomi aniq bo‘ldi. So‘nggi turda «Manchester Siti» o‘z tarixida 8-bor Angliya chempioniga aylangan bo‘lsa, Italiyada «Milan» 11 yillik tanaffusdan so‘ng, yana Italiya chempioniga aylandi. Shuningdek, ligalarda yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan klublar nomi ham ma’lum bo‘ldi. «Kuchli beshlik» chempionatlarida so‘nggi o‘rinlarni egallagan bir qator jamoalar uchun esa bosh divizion eshiklari endi berk.

Angliya Premer-ligasi

Kecha Angliya Premer-ligasida so‘nggi 38-tur uchrashuvlari o‘tkazildi va unda «Manchester Siti» ketma-ket ikkinchi chempionlikni rasmiylashtirdi. Yevrokuboklar ishtirokchisi va ligani tark etadigan barcha jamoalar nomi ham ma’lum bo‘ldi. «Siti» so‘nggi turda Jerrard murabbiyligidagi «Aston Villa»ga 76-daqiqagacha 0:2 hisobida yutqazayotganiga qaramay, o‘yin oxirigacha kambek uyushtirdi — 3:2. Natijada, Gvardiola jamoasi «Liverpul»ga imkoniyat qoldirmay, ketma-ket ikkinchi chempionlikni qo‘lga kiritdi.

«Manchester Siti» — Angliya Premer-ligasi g‘olibi. Foto: FC Manchester City

Demak, «Liverpul» 2-o‘rin; «Chelsi» va «Tottenxem» esa YeCHL yo‘llanmasiga ega chiqishdi. «Arsenal» va «MYU» Yevropa ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi. Londonning yana bir jamoasi «Vest Xem» esa Yevropa Konferensiyalar ligasida qatnashadi.

«Byornli», «Uotford» va «Norvich» Premer-ligani tark etadi.

«Fulhem» Chempionship g‘olibi sifatida va «Bornmut» ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa bo‘lib Angliya Premer-ligasiga qaytdi. Uchinchi jamoa esa 29 may kuni «Xaddersfild Taun» va «Nottingem Forest» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan o‘tish o‘yinidan so‘ng aniq bo‘ladi.

Eng yaxshi to‘purarlar: Muhammad Saloh («Liverpul») va Son Xyon Min («Tottenxem») — 23 gol.

Eng yaxshi pleymeyker: Muhammad Saloh («Liverpul») — 13 ta assist.

Ispaniya «La liga"si

Ispaniyada «Real Madrid» 30 aprel kuni Kataloniyaning «Espanol» klubini mag‘lub etib, 35-bor «La liga» g‘olibiga aylangan edi. Mavsum startini yaxshi boshlagan madridliklar, oxirigacha peshqadamlikni mustahkam ushlab qolishdi. «Qaymoqranglilar» ikkinchi o‘rindagi «Barsa»dan 13 ochko ko‘proq jamg‘arib, mavsumni yakunlaganiyoq Karlo Anchelotti shogirdlarida «La liga» davralari yaxshi o‘tganidan dalolat beradi.

«Qirollik klubi» — Ispaniya chempioni. Foto: AFP

Kuchli uchlikdan Madridning boshqa bir jamoasi «Atletiko» o‘rin olgan bo‘lsa, Chempionlar ligasiga so‘nggi yo‘llanmani «Sevilya» qo‘lga kiritdi. «Betis» hamda «Real Sosedad» Yevropa ligasida o‘ynasa, YeCHLning bu yilgi mavsumida yarim finalgacha yetib kelgan «Vilyareal» Yevropa Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi.

«Granada», «Levante», «Alaves» esa «La liga»ni tak etadi.

Ispaniyaning ikkinchi divizionida hali mavsum yakunlanmagan. «La liga»ga o‘tish o‘yinlarining yarim final va final bellashuvlari 2−6 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Eng yaxshi to‘purar: Karim Benzema («Real») — 27 gol

Eng yaxshi pleymeyker: Usmon Dembele («Barselona») — 11 ta assist.

Italiya «A seriya"si

2021/22 mavsumda Italiyada chempionlik uchun kurash nihoyatda qizg‘in kechdi. Skudetto uchun bir yo‘la uch klub jiddiy kurash olib borishdi. Oxirgi turlarga kelib, o‘zida mustahkam ishonch paydo qilgan «Milan» 11 yil deganda yana Italiya chempioniga alandi. «Qizil-qoralar»dan keyin shaharning boshqa bir klubi «Inter», uchinchi o‘rinni «Napoli» egallagan bo‘lsa, «Yuventus» to‘rtlikka kirib, Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

«Milan» — Italiya chempioni. Foto: AC Milan

Beshinchi va oltinchi o‘rinlarni egallagan Rimning ikki klubi — «Latsio» va «Roma» esa Yevropa ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi. «Fiorentina» Yevropa Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi. A seriyani tark etgan klublar — «Kalyari», «Jenoa» hamda «Venetsiya» keyingi mavsumni B seriyada o‘tkazishadi.

Italiya «B seriya"sidan «Lechche» va «Kremoneze» yuqori divizionga chiqqan bo‘lsa, yana bir o‘rin uchun «Piza» va «Monsa» jamoalari o‘zaro bellashishadi.

Eng yaxshi to‘purar: Chiro Immobile («Latsio») — 27 gol

Eng yaxshi pleymeyker: Domeniko Berardi («Sassuolo») — 14 ta assist.

Germaniya «Bundesliga"si

Odatda Germaniyada chempion jamoa nomi mavsum yakunlanishiga 6−7 tur qolganda ma’lum bo‘lib ulgurar edi. Bu yil Bundesliga g‘olibi oxirgi tur o‘yinlariga uch tur qolganda aniq bo‘ldi. Peshqadam «Bavariya» o‘z uyida «Borussiya Dortmund»ni qabul qilib, yirik 3:1 hisobida mag‘lub etdi va ketma ket 10-chempionlikni rasmiylashtirdi. Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga esa bu ikki klubdan tashqari «Bayer» hamda «Leypsig» jamoalari ega chiqishdi. «Union» va «Frayburg» Yevropa ligasida ishtirok etsa, «Kyoln» Yevropa Konferensiyalar ligasida o‘ynaydi.

Ma’lumot o‘rnida, «Ayntraxt Frankfurt» Yevropa ligasida g‘alaba qozonib, keyingi mavsumda Chempionlar ligasida Germaniya sharafini himoya qiladigan jamoalar soni beshtaga oshirilishiga erishdi.

«Bavariya» — Bundesliga g‘olibi. Foto: MARCA

«Armeniya» va «Groyter» klublari Germaniya bosh divizionini tark etdi. «Gerta» o‘tish o‘yinlarida qatnashib, g‘alaba qozonsa, yana Bundesligada ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Germaniya ikkinchi ligasida «Shalke 04» va «Verder» «Bundesliga»ga chiqdi. «Gamburg» esa o‘tish o‘yinida «Gerta» bilan kuch sinashadi.

Eng yaxshi to‘purar: Robert Levandovski («Bavariya») — 35 gol

Eng yaxshi pleymeyker: Tomas Myuller («Bavariya») — 18 ta assist.

Fransiya «Liga 1»

Fransiyada «Pari Sen-Jermen» 34-turga kelib «Liga 1» g‘olibligini naqd qildi. Bu parijliklar uchun o‘z tarixidagi 10-Fransiya chempionligi bo‘ldi. Aytish joizki, o‘tgan yili yozda fransuz klubi bir qator shov-shuvli transferlar bilan ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Shunga qaramay, Parij klubi mavsum o‘rtalarida ozroq qiyinchiliklarga uchradi, ikkinchi davrada esa Pochettino shogirdlari yaxshi startni qayd etib, asosiy raqobatchilardan ancha oldinga o‘tib ketishdi va oxirgi turgacha peshqadamlikni saqlab qolishdi.

PSJ — Fransiya chempioni. Foto: PSG

Ma’lumki, Chempionlar ligasida ishtirok etish uchun Fransiya chempionatiga ikkita yo‘llanma beriladi. «Liga 1» da g‘olib bo‘lgan klubdan tashqari ikkinchi o‘rin egasiga beriladigan yo‘llanma uchun bir yo‘la 4 jamoa kurashdi — «Marsel», «Renn», «Nitsa» va «Monako». Yakunda yo‘llanma chempionatda 71 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinni olgan «Olimpik Marsel» jamoasiga nasib etdi. O‘z navbatida, «Monako» YeCHL saralash bahslari uchun bo‘ladigan bellashuvlarda ishtirok etsa, «Renn» Yevropa ligasida o‘ynaydi. «Liga 1» da beshinchi o‘rinni egallagan «Nitssa» esa Yevropa Konferensiyalar ligasida o‘ynaydi.

«Mets» va «Bordo» keyingi mavsumda «Liga 1» da qatnashmaydi. «Sent-Eten» esa o‘tish o‘yinlarida g‘olib bo‘lsa, yana Fransiya oliy divizionida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Fransiya ikkinchi ligasida «Tuluza» va «Ayachcho» «Liga 1»ga chiqqan bo‘lsa, «Oser» o‘tish o‘yinida «Sent-Eten» bilan kuch sinashadi.

Eng yaxshi to‘purar: Kilian Mbappe («PSJ») — 28 gol

Eng yaxshi pleymeyker: Kilian Mbappe («PSJ») — 17 ta assist.

Boshqa ligalarda

O‘z navbatida, Yevropadagi aksar chempionatlarda ham mavsum yakunlanib, yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va saralash bellashuvlarida qatnashadigan jamoalar ma’lum bo‘lib ulgurdi:

Portugaliya

  • Chempion — «Portu»;
  • Chempionlar ligasida (3 jamoa): «Portu» (guruh bosqichi), «Sporting» (guruh bosqichi), «Benfika» (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Braga» (guruh bosqichi);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Jil Visente» (saralash), «Vitoriya Gimaraynsh» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Darvin Nunes («Benfika») — 26 gol.

Niderlandiya

  • Chempion — «Ayaks»;
  • Chempionlar ligasida (2 jamoa): «Ayaks» (guruh bosqichi), PSV (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Feyenoord» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Tvente» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Sebasten Aller («Ayaks») — 21 gol.

Avstriya

  • Chempion — «Red Bull Zalsburg»;
  • Chempionlar ligasida (2 jamoa): «Red Bull Zalsburg» (guruh bosqichi), «Shturm» (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Austriya» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Volfsberg» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Karim Adeyemi («Red Bull Zalsburg») — 17 gol.

Shotlandiya

  • Chempion — «Seltik»;
  • Chempionlar ligasida (2 jamoa): «Seltik» (guruh bosqichi), «Reyndjers» (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Xarts» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Dandi Yunayted» (saralash), «Mazervell» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Rigan Charlz-Kuk («Ross Kaunti»), Giorgos Yakumakis («Seltik») — 13 gol.

Rossiya

  • Chempion — «Zenit»;
  • Rossiya jamoalari 2022/2023 mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etishmaydi.

Eng yaxshi to‘purar: Gamid Agalarov («Ufa») — 18 golov.

Serbiya

  • Chempion — «Srvena Zvezda»;
  • Chempionlar ligasida (1 jamoa): «Srvena Zvezda» (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Partizan» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Chukarichki» (saralash), «Radnichki» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Rikardu Gomesh («Partizan») — 29 gol.

Ukraina

  • Chempion — «Shaxtyor» (chempionat erta yakunlandi);
  • Chempionlar ligasida (2 jamoa): «Shaxtyor» (guruh bosqichi), «Dinamo» Kiyev (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Dnepr-1» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Zarya» (saralash), «Vorskla» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Artyom Dovbik («Dnepr-1») — 14 gol

Belgiya

  • Chempion — «Bryugge»;
  • Chempionlar ligasida (2 jamoa): «Bryugge» (guruh bosqichi), «Yunion» (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Gent» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Anderlext» (saralash), «Antverpen» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Deniz Undav («Yunion») — 25 gol.

Shveysariya

  • Chempion — «Syurix»;
  • Chempionlar ligasida (1 jamoa): «Syurix» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (3 jamoa): «Bazel» (saralash), «Lugano» (saralash), «Yang Boyz» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Djordan Pefok («Yang Boyz») — 22 gol.

Gretsiya

  • Chempion — «Olimpiakos»;
  • Chempionlar ligasida (1 jamoa): «Olimpiakos» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (3 jamoa): PAOK (saralash), «Panatinaikos» (saralash), «Aris» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Yasmin Kurtich (PAOK) — 15 gol.

Chexiya

  • Chempion — «Viktoriya» Plzen;
  • Chempionlar ligasida (1 jamoa): «Viktoriya» Plzen (saralash);
  • Yevropa ligasida (1 jamoa): «Slovatsko» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (3 jamoa): «Slaviya» (saralash), «Sparta» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Jan-David Bogel («Viktoriya») — 18 gol.

Norvegiya

  • Chempion — «Budyo-Glimt»;
  • Chempionlar ligasida (1 jamoa): «Budyo-Glimt» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (3 jamoa): «Molde» (saralash), «Viking» (saralash), «Lillestrem» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Oxi Omoydjuanfo («Molde») — 27 gol.

Xorvatiya

  • Chempion — «Dinamo» Zagreb;
  • Chempionlar ligasida (1 jamoa): «Dinamo» Zagreb (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (3 jamoa): «Xayduk» (saralash), «Osiyek» (saralash), «Riyeka» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Marko Livayya («Xayduk») — 28 gol.

Turkiya

  • Chempion — «Trabzonspor»;
  • Chempionlar ligasida (2 jamoa): «Trabzonspor» (saralash), «Fenerbaxche» (saralash);
  • Konferensiyalar ligasida (2 jamoa): «Konyaspor» (saralash), «Istanbul Bashakshexir» (saralash).

Eng yaxshi to‘purar: Umut Bozok («Kasimpasha») — 20 gol.

Avvalroq UEFA tomonidan yangicha ko‘rinishda o‘tkaziladigan klub musobaqalari formati va saralash sxemasini tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, Chempionlar ligasida 2024/25 yilgi mavsumdan boshlab guruh bosqichi o‘rniga 36 ta klubdan iborat yagona liga tashkil etiladi. Turnir eng kamida 8 turdan iborat bo‘lib, shundan so‘ng eng yaxshi 24 ta jamoa pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Sakkizta eng yaxshi natijaga ega jamoa Chempionlar ligasining 1/8 finaliga, qolgan 16 ta jamoa — 9−24-o‘rin egalari 1/16 finalga yo‘llanma olib, pley-offda ikkita o‘yin o‘tkazadi. Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasi ham shu tizimda o‘tkaziladi.