BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyani Ukraina portlaridan g‘alla xavfsiz olib chiqilishini ta’minlashga chaqirdi. U Ukrainaning Qora dengiz portlari orqali oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz olib chiqish masalasini Rossiya, Ukraina, Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan qizg‘in muhokama qilayotganini va «barcha tomonlar yaxshi iroda ko‘rsatishi» zarurligini aytdi, chunki masalaning yechimi iqtisodiy va moliyaviy oqibatlarga olib keladi, xavfsizlik bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham mavjud.

Jahon bozorlariga eng yirik don yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan Ukraina fevral oyida Rossiya harbiy bosqinining boshlanishidan beri to‘sib qo‘yilgan portlaridan don olib chiqa olmayapti. Bu, ayniqsa, oziq-ovqat narxining tobora ortib borishiga dosh berishga qiynalayotgan eng qashshoq mamlakatlar uchun dahshatli oqibatlarga olib keldi, deya qayd etadi BMT.

Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlari tarixiy eng yuqori darajaga yetdi, yil davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (yorma, o‘simlik yog‘i, shakar, go‘sht, sut) narxi oshdi. May oyida Ukrainadagi urush global oziq-ovqat inqiroziga olib kelgani, millionlab bolalar to‘yib ovqatlanmaslik va o‘lim xavfi ostida qolgani xabar qilingan edi.

Ayniqsa, Janubiy Osiyo, shuningdek, og‘ir qurg‘oqchilik va ocharchilik kuchayib borayotgan Afrika shoxi (Somali, Efiopiya, Eritreya va Jibuti), qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan Efiopiya va Afg‘oniston mamlakatlarida vaziyat qiyin (YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, bu davlatlarda ochliqdan aziyat chekayotgan barcha bolalarning to‘rtdan bir qismi yashaydi).

Ukraina donni boshqa transport turlari bilan eksport qilish imkoniyatlari ustida ishlamoqda, dedi Umumukraina agrar kengashi rahbari o‘rinbosari Denis Marchuk. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Ukrainada sotilishi mumkin bo‘lgan 20 mln tonnadan ortiq g‘alla qolgan.

«Urushdan oldingi davrda eksportning 90 foizi olib o‘tilgan Qora dengiz portlari (har oyda biz sheriklarimiz uchun 5 mln tonnaga yaqin don tushirar edik) urushning birinchi kunlaridan boshlab to‘sib qo‘yilgan. Tabiiyki, uning o‘rniga muqobil topish juda qiyin. Bugun biz temir yo‘llar, Yevropa yo‘nalishidagi avtotransportlar, daryo portlari orqali chiqadigan yangi yo‘nalishlar ustida ishlayapmiz. Albatta, buni to‘liq muqobil deb atash mumkin emas, lekin biz hozir shunday sharoitda ishlashga majburmiz. Mart oyida biz shu tarzda 200 ming tonnaga yaqin, aprelda esa 1 mln tonnadan ortiq don eksport qildik», — dedi ukrainalik agrar sohasi vakili.

Ukrainada g‘allaning yangi hosili bir yarim oydan keyin yig‘ib olinadi, ammo bu vaqtga kelib ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda don zaxiralari deyarli tugashi mumkin. Biroq Ukraina Qora dengiz portlari Rossiya harbiylari tomonidan to‘sib qo‘yilgan bir paytda, bu zaxiralarni tezda to‘ldirish imkonsiz bo‘ladi, deya ogohlantirdi BMT.