O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni tibbiyot xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

Hujjatga ko‘ra, tibbiyot, farmatsevtika va davlat tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlarining oylik rasmiy maoshlari 1 iyundan oshiriladi.

Eng yuqori va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining 15%, ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lganlar va toifaga ega bo‘lmaganlar, shuningdek boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari — 10%, tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari — 15% ni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, tarif stavkalari amaldagi ish haqi toifalari bo‘yicha tarif koyeffitsiyentlarini mos ravishda 1,15 va 1,1 baravar oshirish yo‘li bilan hisoblanadi.

1 iyundan boshlab tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdori, budjet mablag‘larining umumiy miqdoriga nisbatan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida — umumiy xarajatlarning 10 foizi, respublika va viloyat darajasidagi boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarining 5 foizi miqdorida belgilanadi.

Jamg‘arma mablag‘larining 75 foizi guruhidan qat’i nazar, barcha davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga, 25% — tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish va ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Davlat tibbiyot muassasalarida xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan yuqori natijalarni ko‘rsatgan, o‘z vazifalarini halol va vijdonan bajargan yuqori malakali tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga oylik maoshning 100 foizigacha miqdorida boshqa xodimlarga — ish haqining 75% gacha miqdorida oylik ustama to‘lanadi.

Yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar tayinlanadi.

Shuningdek, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.

Farmonda yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama joriy etilishi belgilandi. (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan ro‘yxatga muvofiq).

1 sentabrdan boshlab tibbiyot muassasalari xodimlarining ishi tufayli tibbiyot sohasidagi ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini hisobga olgan holda, ularga fan doktori darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha qo‘shimcha oylik to‘lanadi, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) darajasi uchun — davlat budjeti hisobidan ish haqining 30 foizigacha miqdorda pul beriladi.

Bundan buyon barcha tibbiyot xodimlari davlat budjeti hisobidan bepul va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.

1 iyuldan boshlab boshqa viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100%, Mo‘ynoq tumanida esa 200% miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Shu bilan birga, ushbu nafaqani olish uchun shifokor boshqa mintaqada kamida ikki yil ishlagan va kamida ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lishi kerak.