2023/2024 o‘quv yilidan barcha davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari faqatgina davlat grantlari bo‘yicha tasdiqlanishi kutilmoqda. Bu nazarda tutilgan prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

To‘lov-kontrakt asosidagi qabul o‘rinlari — OTMlar, moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan OTMlarning Kuzatuv kengashlari, bo‘ysunuviga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.

Qolaversa, 2022/2023 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ta’limning masofaviy shaklini joriy etish taklifi ham bildirildi.

Qolaversa, joriy o‘quv yilidan test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratilishi mumkin.

Avvalroq, 2022/2023 o‘quv yilida qabul kvotalari uchun davlat buyurtmasi sonini kamaytirish taklif etilayotgani haqida yozgandik. Xususan, bakalavrlarni tayyorlash uchun 110 278 nafar (2021 yilda — 157 755), magistrlarni tayyorlash uchun 11 082 nafar (2021 yilda — 12 900) talabaga o‘rin ajratish ko‘zda tutilmoqda. Moliyaviy mustaqillik berilgan 35 ta OTM esa to‘lov-kontrakt asosidagi kvotani o‘zi belgilaydi.