16 may kuni prezidentning «Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o‘rinli mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlari (2022 yilda 114 ta, 2023−2024 yillarda 20 ta) tashkil etiladi.

2023 yil 1 yanvardan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarining ambulator va statsionar bo‘limlarida tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etiladi.

Shuningdek, 2022 yil yakunigacha narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun narkologiya dispanserlarida qo‘shimcha 430 ta o‘rin tashkil etiladi.

Qarorda belgilanishicha, ichki ishlar organlariga o‘z tashabbusiga ko‘ra narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish huquqi berildi.

2023 yil 1 yanvardan:

  • narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish bo‘yicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining o‘zida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshiriladi;
  • narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratiladi.

Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi ishlarni elektron tarzda sudlarga yuborish va sudlar tomonidan ularni videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqish mumkin.

Shuningdek, qaror bilan voyaga yetmagan va yoshlar orasida psixoaktiv moddalar iste’mol qilinishining oldini olish va barvaqt aniqlash bo‘yicha profilaktika tizimi ishlab chiqiladi.

Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan narkologiya dispanserlari yoki davolash profilaktika muassasalariga olib kelingan probatsiya nazoratidagi shaxslarni alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tarbiti joriy etiladi.