O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga nisbatan Toshkent shahri va viloyatidagi 178 ta laboratoriya bir korxonaga berib yuborilayotgani to‘g‘risida o‘z vaqtida ma’lumot bermaganligi uchun ma’muriy ish ochildi. Bu haqda 16 may kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farrux Qoraboyev ma’lum qildi.

Gap Intermed Innovation xususiy kompaniyasi haqida ketmoqda, u Markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasini yaratish loyihasining operatori etib belgilangandi. «Gazeta.uz» SSV bilan tuzilgan konsessiya shartnomasi doirasida kompaniya laboratoriyalar tashkil yetish uchun Toshkent shahri va viloyatdagi 178 poliklinikada joylarni qo‘lga kiritgani haqida yozgandi. Boshqa xususiy laboratoriyalar sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i qonunga zid ekanligi va Intermed bozorda ustun mavqega ega bo‘lganini ta’kidladi.

Intermed Innovation SSV bilan amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasidagi monopoliyaga oid ayblovlarga javob berib, loyihaning mohiyati va Toshkent Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining davlat xizmatchilari o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuviga to‘xtalib o‘tgandi.

MQKQ rahbari o‘rinbosari bir qancha kompaniyalar mazkur shartnoma xususida shikoyat bilan murojaat qilganini qayd etdi. Qo‘mita SSVdan ma’lumot so‘radi, biroq vazirlik axborotni o‘z vaqtida taqdim etmadi.

Shuning uchun «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga asosan (Monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etish) ma’muriy ish ochildi. «Agar shu hafta berilmasa tegishli tartibda ma’muriy javobgarlik bo‘yicha choralar ko‘riladi», — dedi u.

Farrux Karabayevning aniqlik kiritishicha, gap davlat-xususiy sheriklik loyihasi va konsessiya asosida tuzilgan bitim haqida ketmoqda.

Monopoliyaga qarshi qo‘mita tanlov o‘tkazish yoki loyihani to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor shartlariga muvofiq berish to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘rganib chiqib, o‘z xulosasini beradi.

«Monopoliyaga qarshi tekshiruv yoki o‘rganish vaqt talab qiladigan masala. Chunki tegishli ma’muriy tartib-tamoyillar bor, biz bundan chiqa olmaymiz. Bugungi kunda bu davlat siyosati darajasiga chiqqan, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga me’yoridan oshiqcha tartibda aralashish qonun jihatidan yo‘l qo‘yilmaydi. Shuning uchun biz muayyan byurokratiya shartlariga amal qilishimiz kerak. Bu vaqt talab qiladi. Qo‘mita 2 oy mobaynida hech narsa qilmadi degani emas. Biz bu bo‘yicha shug‘ullanayapmiz. Lekin ma’lum bir qiyinchiliklar tug‘ilayapti, albatta bu har qanday tekshiruvda bo‘ladi», — dedi u.

Qo‘mita rahbari o‘rinbosari jinoyat holatlarini tasdiqlash uchun tegishli hujjatlarni tekshirish kerakligini, biroq, shu kungacha ular taqdim etilmaganini ta’kidladi.

«Agar alomatlari aniqlansa, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunga asosan biz tegishli choralarni ko‘ramiz va raqobat shartlarini ta’minlaymiz», — dedi Farrux Karabayev.