1 yanvar kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida bir nechta fuqarolar qo‘l bola usulda yasalgan «o‘t o‘chirgich» moslamasini joylashtirib, uning tagidan olov yoqib uni portlatgandi. Buning oqibatida uch nafar fuqaro jiddiy jarohat olgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Shayxontohur sudida ko‘rib chiqildi. Tafsilotlar Millar ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, surishtiruvlar davomida 8 nafar (tergov jarayonida 13 kishiga ayblov e’lon qilingandi) sudlanuvchi bir guruh bo‘lib, oldindan til biriktirib, pirotexnika buyumlarini qonunga hilof ravishda tayyorlash, tashish va undan foydalanish jinoyatini sodir etganligi aniqlangan.

Jabrlanuvchilardan biri voqeani qo‘yidagicha esga oldi: «Voqea joyidan 35 metr uzoqlikda turgandim. Bang‘illagandan keyin nimadir oyog‘imga tegdi, o‘zim sezganim yo‘q. Begona bolalar oyog‘ing qonayapti, deb aytdi. Odamlar ko‘tarib kasalxonaga olib borishdi. „To‘rtda barmoq singan“ deb tashxis qo‘yishdi. Bitta barmog‘imni olib tashlashgan. Keyingi operatsiyada pay bilan nervlarni ulashadi. 55 kun davolandim. Sudlanuvchilardan bir nafari menga moddiy yordam ko‘rsatdi. Hech kimdan davom yo‘q».


Sudlanuvchilardan biri «chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini aytib, uzr so‘radi. Yana biri esa uning aloqasi yo‘qligi, faqat «o‘t o‘chirgich»ni yo‘l o‘rtasiga olib chiqib qo‘yib berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilarning barchasi bitta mahallada yashaydi, aka-uka va bir-biriga qo‘shni.

Qo‘lbola usulda «o‘t o‘chirgich»ni yasagan sudlanuvchi bunga 4−5 kun vaqti ketgani va «pulga muhtoj bo‘lib qolganligi» sababli shu ishni qilganini ta’kidladi. Sud yakunida 8 kishiga hukm o‘qildi, ularning eng kattasi 25 yosh, eng kichigi esa — 19 yoshda.

Unga ko‘ra, sudlanuvchilarning besh nafari Jinoyat kodeksining 250−1-moddasi, ikkinchi qismi «b», «d» bandlarida (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qolgan u nafariga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash (ma’lum soatlar ichida uy qamog‘i) jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 1 yanvar kuni tungi soat 00.45 larda poytaxtdagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida bir qancha fuqaro avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqda qo‘lbola usulda yasalgan «o‘t o‘chirish» moslamasini portlatgandi. O‘shanda tergov doirasida 13 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilingandi.