«Kvartirada yashaydigan kuchukcha kimga kerak?» — jozibali baland ovoz «Hayot» boshpanasiz hayvonlarni himoya qilish jamiyati nodavlat tashkiloti asoschisi Iroda Matkarimovaga tegishli.

U Manyunya ismli itning yonida cho‘kkalab o‘tiribdi. Kelgan odamlar esa quloqlarini g‘amgin tarzda yig‘ib olgan itning boshidan silaydi. Bundan kayfiyati ko‘tarilgan Manyunya dumini likillatib, Irodaga panjasini uzatadi — bu yog‘iga o‘zi eplaydi.

«Hayot» boshpanasiz hayvonlarni himoya qilish jamiyati NNT, «Mushukkent» loyihasi va Toshkent hayvonot bog‘i tomonidan tashkil etilgan xayriya ko‘rgazmasida (tadbirning Telegram-kanali) ko‘chada qolgan uysiz kuchuk va mushuklar ko‘rgazma davomida uyga yo‘l topishlari mumkin bo‘ladi. Barcha hayvonlar kastratsiya va sterilizatsiya qilingan. Shuningdek, emlangan va pasport olgan.

Foto: t.me/HayotMushukkent.

Yuvib, taralgan «Hayot» boshpanasining vaqtinchalik mehmonlari ismlari yozilgan yorqin bo‘yinbog‘larda volontyorlar bilan birgalikda hudud bo‘ylab sayr qilishadi. Ko‘rgazmada turli yoshdagi va xarakterdagi 30 ta it bor bo‘lib, ularning barchasining o‘ziga xos achchiq tarixi bor.

Yumshoq, deyarli multfilmdagiga o‘xshash Prosha laqabli itni volontyorlar panjasi yaralangan holda ko‘chadan topishgan. Davolangandan so‘ng, aqlli paxmoq «Hayot» boshpanasidan panoh topdi. Ko‘rgazmada Proshaga hamrohlik qilayotgan Sofyaning aytishicha, u juda uyatchan va kamtar it. U boshqa itlar va odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, ularga ishonish mumkinligini his qiladi.

«Odamlar oldimizga kelib, Prosha naqadar go‘zal deyishadi. Lekin faqat shu bilan cheklanishadi. Balki, uning kattaligi ularni qo‘rqitsa kerak. Menimcha, bunday it katta xarajat va joyni talab qiladi», deya so‘zlaydi Sofya. Lekin u umidini o‘zmaydi — ko‘rgazmaning birinchi kunida bo‘lmasa, ikkinchi kunida Proshaning egasi albatta topiladi.

Yarim xaski Grishani atrofdagilar unchalik qiziqitirmaydi shekilli. «U Naomini sevib qoldi, shuning uchun ko‘rgazma davomida uning orqasidan quvib yuribmiz», deb kuladi volontyorlar.

Foto: t.me/HayotMushukkent.

Grishani tushunsa bo‘ladi. Uzun panjalari, ingichka tumshug‘i, qora ipak jun — bir qarashda qizning yaxshi ekanligi ko‘rinib turibdi. Bir yoshli Naomi boshpanaga yaqinda kelgan. Uni mashina yuvish ishchisi olib kelgan. U undan ajralmoy qolgan. Ishchi kuchukcha ko‘chada yashab keta olmasligini aytgan.

«Odamlar unga unchalik yaxshi munosabatda bo‘lishmagani aniq. Unga qo‘lingni uzatsang, qo‘rqib ketadi va boshini yashirib oladi», — deydi «Hayot» volontyori Aleksandra.

O‘yin maydonchasida jingalak sochli kuchukcha yostiqda yotadi. Bo‘yinbog‘iga «Richi» deb yozilgan. Aynan uni bir oy avval Chilonzor tumanida «ho‘l asfalt» rangli Cobalt rusumli avtomashinaning haydovchisi bosib ketgandi. Kuchukchaga bolalarning ko‘z o‘ngida ozor berildi. Iroda Matkarimovaning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari haydovchining shaxsini va avtomobil qayerdaligini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.


«Shu vaqt ichida kuchukchani davoladik va unga mehribon oila topishni chin yurakdan istaymiz, chunki u juda ko‘p azob chekdi, — deydi Iroda Matkarimova.

Uning so‘zlari mo‘’jizaviy tarzda eshitildi. Bir necha soat o‘tgach, uning holidan keyinchalik xabar olib turish sharti bilan va imzolangan shartnomadan so‘ng Richi o‘z uyiga ketdi.

Katta-kichik mushuklar itlarga qaraganda uch baravar kam — soni o‘nta. Hammasi «mushuk uyi» nomi bilan mashhur bo‘lgan «Klimushka» boshpanasidan. U olti yildan beri mavjud bo‘lib, bugungi kunda unda 90 ta mushuk vaqtincha ro‘yxatga olingan.


Boshpana asoschisi Sabina Mamedovaning aytishicha, «Klimushka»ning asosiy vazifasi hayvonlarni ovlashdan himoya qilishdir.

«Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan barcha mushuklar o‘sha yerdan», deydi u. Hayvonlarni ovlashdan qutqargandan so‘ng, ular hayvonlarni himoya qilish faollari va g‘amxo‘r fuqarolar tomonidan boshpanaga xayriya qilingan mablag‘lar hisobidan emlanadi, kastratsiya va sterilizatsiya qilinadi.


Mushuklar faqat shartnoma bo‘yicha beriladi, egalari juda ehtiyotkorlik bilan tanlanadi. Sabina Mamedovaning so‘zlariga ko‘ra, mushuklar yosh masalasida omadli emas. Mushukchalar tez-tez va ko‘proq asrab olinadi. «Ertalab to‘rt oylik Lyonchik va to‘qqiz oylik Karatikga uy topdik», — deydi ayol.


Felitsiya laqabli mushuk o‘zi yotgan quti ichidan ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarga sovuq nazar bilan qaraydi. O‘z muhitida faol va ochiqko‘ngil bo‘lgan bu yashil ko‘zli mushuk ikki yil oldin boshpanaga mushukchaligida kelgan.

«Mushuklar xiyonatni og‘ir kechiradi. Ular yeb-ichmasliklari mumkin. Yolg‘izlikga chiday olmay yotgan holda jimgina so‘nib ketgan mushuklarni ko‘rganman», — deydi Sabina Mamedova.

Ko‘rgazmaning ikkinchi kuni «Klimushka»dan keksa mushuklar ishtirok etmoqda, ular ham uyga yo‘l topishga harakat qilishadi. «Yangi nomzodlar» «Hayot»da o‘qitiladi. Agar Richi, Pipa, Naomi, Panda muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, demak, boshqa hayvonlarga ham omad kulib boqadi — «ular shunaqangi yaxshi-ki», deya ishonch bildiradi Iroda Matkarimova.

«Uyga yo‘l» xayriya ko‘rgazmasi mehmonlarni soat 10:00 dan 17:00 gacha kutmoqda. Ko‘rgazmaga kirish pullik — 10 ming so‘m.

Dasturda «Men hayvonlarni yaxshi ko‘raman» bolalar rasmlari tanlovi, animatorlar ishtirokida yosh mehmonlar uchun qiziqarli shou o‘rin olgan. Hududda hunarmandchilik va uy hayvonlari mahsulotlarining mini-yarmarkasi mavjud. Ularni sotishdan tushgan mablag‘ning bir qismi, shuningdek, kirish chiptalarini sotishdan tushgan mablag‘ «Hayot» boshpanasi va «Mushukkent» loyihasi uy hayvonlari ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

Oldinroq «Gazeta.uz» fotomuxbiri Yevgeniy Sorochinning ko‘rgazmaning birinchi kunidan fotoreportajini e’lon qilgan edik.