Advokat va avtobloger Kamoliddin Bahavadinov avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish biznes loyihaga aylanib borayotganini tanqid qildi. U bu mavzuga «Mahalla» telekanalida efirga uzatilgan «Minbar» tok-shousida to‘xtalib o‘tdi.

U mashinalar oynasini qoraytirishda faqat yagona yondashuv — ruxsat bor yoki yo‘qligiga qarash lozimligi, uni narxlash inson huquqlariga zidligini ta’kidladi.

«Савол juda ham oddiy „tonirovka“ — mumkinmi yoki mumkin emasmi? Juda ko‘p davlatlarda savol bitta, mumkin yo mumkin emasga ajratiladi, pullik yoki tekin degan omil yo‘q. Mumkin bo‘lsa, me’yor belgilangan, siz o‘sha me’yor darajasida istalgancha qoraytirishingiz va bemalol harakatlanishingiz mumkin. Mumkin bo‘lmasa — taqiq tamom. Uni Ali ham Vali ham qoraytirishga haqqi yo‘q, kim bo‘lishidan qat’iy nazar. O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham belgilangan — har bir fuqaro qonun oldida teng», — dedi huquqshunos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda «tonirovka» uchun «kosmik» narx belgilangan.

«Avvaliga „tonirovka“ uchun belgilangan summalar qiymati juda baland edi. Keyin biroz „rahm“ qilishdi va orqa-yon oynalar narxini 4,5 baravargacha tushirishdi. Old aylanma „tonirovka“ esa shaxsan men uchun „kosmos“ narx. Bugungi kundagi o‘rtacha oylik ish haqini hisoblaganda, bu „kosmik“ narx. Bitta odam yozda o‘zini biroz qulay his qilishi uchun 6 oylik oyligini yemay, ichmay berishi shaxsan men uchun mantiqsizlik. Bu inson huquqlarini ochiqdan-ochiq poymol qilish», — dedi Kamoliddin Bahavadinov.

U shuningdek, Konstitutsiyada aniq qilib inson huquqlari himoya qilib qo‘yilgani va qonun hujjatlari unga zid bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi.

«Taqiq — faqat e’tirozni keltirib chiqaradi. Taqiqda mantiq bo‘lishi bilan birgalikda uni asosi bo‘lishi kerak. Men hozir buni taqiqlayman — mana nima uchun [deb sababi keltirilishi lozim]. „Shunchaki taqiqladim“ — bu javob emas», — dedi avtobloger.

Bundan tashqari, bir mavsum «tonirovka»dan foydalangan inson sifatida qulaylikni his qilganini aytib o‘tdi.

«Mumkin bo‘lmasa nega sotilayapti, nega ruxsat berildi? Mumkin bo‘lsa nega pulli? Bugungi kunda nima uchun [aylanma „tonirovka“ narxi] 12 mln 150 ming so‘m? Bu kimningdir sevgan raqamlarimi? Buni hikmati, zamirida nima bor? Bu qaysi mezon asosida belgilandi? Nega 384 mln yoki 1,8 mln yoki 500 ming so‘m emas?», — dedi u.

Huquqshunos oynalarni qoraytirish narxi aynan bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘lab qo‘yilganini ham tanqid qildi.

«Deylik, go‘shtning tannarxi bo‘lishi mumkin. Buqaning yem-hashagi narxining oshishi peshtaxtadagi go‘sht narxining oshishiga olib kelishi mumkin. Lekin, tonirovka uchun berilgan ruhsatnomaning qanday tannarxi bor, nega u BHMga bog‘lab qo‘yildi? Nimaga ruxsatnoma [narxi] yil sayin oshishi kerak?», — dedi Kamoliddin Bahavadinov.

Uning fikricha, ruxsatnoma berildimi — berildi, uning tannarxi bo‘lishi mumkin emas.

Bundan tashqari, ko‘rsatuv davomida avtomaktab o‘qituvchisi Orifjon Nazarov «tonirovka»ning bolalar ruhiyatiga ta’siri haqida gapirib, «bola atrofni bor ranglari bilan ko‘rgani ma’qulmikan?» — deya savol bilan yuzlandi. Avtobloger mazkur savolga javoban hozirda «tonirovka"larning ham turlari ko‘pligini, mashina ichida o‘tirib, oyna qoraytirilgan yoki yo‘qligini farqlay olmay qolish ham mumkminligini ta’kidladi.

Avtoblogerning fikricha, boshqa sohalarda xorij davlatlari tajribasidan foydalanilsa ham, «tonirovka» masalasiga kelganda bunga e’tibor qaratilmayapti. «Soliq yoki turli xil yig‘imlar bo‘yicha boshqa davlatlarning amaliyotini o‘rganib, uni joriy qilishga yetgan aqlimiz — nima uchun inson salomatligiga xizmat qiladigan faktorlarni o‘zlashtirishga yetmayapti? Nega inkor qilayapmiz?», — deya savol bilan yuzlandi.

Misol tariqasida keltirishicha, Amerikaning Kaliforniya shtatida mashina oynalarini qoraytirish majburiy tusga ega. Bunga sabab qilib, quyosh nurlari orqali inson tanasiga tushadigan ultrabinafsha va infraqizil nurlar terida dog‘lar (pigmentlarni) hosil qiladi va «saraton» kasalligi kelib chiqishiga olib keladi.

«Nima uchundir inson salomatligiga xizmat qilagidan, ular (amerikaliklar) izlab topgan sabablarni biznikilar ko‘ra olmayapti yoki ochiqdan-ochiq inkon etayapti. Adashayotgan bo‘lishim mumkin, lekin meni nazarimda haydovchilar bilan ayrim qonun tashabbuskorlari o‘rtasida ko‘rinmas jang ketayapti. Bir tomon qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilsa, ikkinchi tomon inkor etish bilan o‘zini ko‘rsatayapti», — dedi Kamoliddin Bahavadinov.

Saylov jarayonlarida va’dalarni berib, hozirda qonun qabul qiluvchi deputatlar hech bo‘lmaganda yarimta normativ-huquqiy hujjatni «aholining manfaatiga xizmat qiladigan qilib qabul qilishi kerak, degan fikrda huquqshunos.

U shuningdek, qonunchilikdagi mantiqsizliklarga to‘xtalib, orqaga yon oynaga parda mumkinligi va «tonirovka» mumkin emasligini tanqid qildi. «Kimdir aslida buni hikmati mana bunda deb, tushuntirib bera oladimi? Hech kim tushuntirib bera olmaydi, lekin biz o‘sha qoidani ilgari surayapmiz», — dedi u.

«Hozir qora ko‘zoynakda o‘tirsam ham hech kim e’tiroz bildirmaydi. Vaholanki, qora ko‘zoynak orqasida Kolumbiyada 20 yildan beri qidiruvda bo‘lgan jinoyatchi o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Nega bunga boj joriy qilishmaydi? Bio‘ qayerdan bilamiz, ko‘zoynak orqasida kim o‘tirganini, degan vaj bilan boj joriy qilishmayapti-ku», — dedi avtobloger.

U so‘zi yakunida ko‘chalarda binolarning oynalari ham qoraytirilgani, uning ortida ham yil jinoyatiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin, balki o‘sha oynaga ham boj solarmiz deya, kesatib gapirdi.