8 may kuni O‘zbekistonning turli hududlaridan 20 dan ortiq qizlar, UniSat ta’lim (Uni — UNICEF, Sat — sun’iy yo‘ldosh) dasturi ishtirokchilari Navoiy viloyatida stratosferaga o‘zlari yasagan ultrazamonaviy nano sun’iy yo‘ldoshni uchirdi.

UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, O‘zgidromet mutaxassislari ko‘magida qizlar to‘plangan meteorologik hamda havoning ifloslanishi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi.

«Navoiy viloyati o‘zining mos landshafti, undagi ko‘plab innovatsion va texnologik loyihalar amalga oshirilayotgani tufayli uchirish maydoni sifatida tanlandi. Uchirish aeronavigatsiya xizmatlari mutaxassislari nazorati ostida bo‘lib o‘tdi, chunki ko‘rsatmalarga ko‘ra, uchirish joyi ustida samolyotlar parvozi uchun osmonni „yopish“ talab etiladi», — deyiladi xabarda.

Nano sun’iy yo‘ldosh stratosferada taxminan 2 soat bo‘ldi va 11,6 km balandlikka ko‘tarildi.

Bundan avval 15−26 yoshdagi 188 nafar o‘zbekistonlik qizlar kodlash, muhandislik va ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha 4 oylik onlayn kursni tamomlagan. 20 nafar eng yaxshi akademik natijalarga erishgan qizlar qirg‘izistonlik va qozog‘istonlik tengdoshlari bilan birga Olmaota shahrida nano sun’iy yo‘ldoshni yig‘ish, uchirish va olingan ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha 10 kunlik amaliy seminarda qatnashgan.


«Bugun biz tarixiy lahzaning guvohi bo‘lib turibmiz — 20 nafar qiz o‘z ilmiy ishlanmalarini ilgari surdi va gender stereotiplaridan ozod jamiyat qurish sari qadam tashladi», — dedi UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaning ta’kidlashicha, nano sun’iy yo‘ldoshning uchirilishi va olinajak ma’lumotlarning tahlili qizlar uchun muhim qadam bo‘ladi. «Fan, texnologiya va ma’lumotlar tahlili sohasida karera imkoniyatlari cheksizdir va biz O‘zbekiston qizlarini STEM yo‘nalishi bo‘yicha kasb tanlashga, ilmiy izlanishlar va tajribalar o‘tkazishga hamda o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmaslikka chaqiramiz», — dedi u.


UniSat — BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetining ta’lim dasturi hisoblanadi. Dasturning keyingi bosqichiga arizalar qabuli kuzda boshlanadi. Batafsil ma’lumotni dasturning maxsus veb-sahifasidan olish mumkin.

Mart oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan bo‘lgan 150 nafar qiz stratosferaga o‘zlari yasagan uchta nano sun’iy yo‘ldoshni uchirgandi. UniSat ta’lim dasturi doirasida ishlab chiqilgan ultrazamonaviy sun’iy yo‘ldoshlar havo ifloslanishini tahlil qilishga mo‘ljallangani xabar qilingan.