Gretsiyaning Iraklion shahrida o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik Tursunoy Jabborova 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tursunoy Jabborova -87 kg vazn toifasida dast ko‘tarish va siltab ko‘tarish mashqida jahon chempioniga aylandi.

Dast ko‘tarish mashqida Jabborova ilk chiqishining o‘zida 101 kg, shundan so‘ng 105 va 109 kg toshni ko‘tarib, yaqqol peshqadamga aylandi.


Siltab ko‘tarish mashqida esa Tursunoy 129 kg natijasi bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, ikkikurash natijasiga ko‘ra, Tursunoy 238 kg natija bilan Jahon chempioni bo‘ldi va terma jamoa hisobiga uchta oltin medal qo‘shib qo‘ydi.

Ma’lumot uchun, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoa 5ta oltin medal va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Avvalroq, ushbu jahon chempionatida Sharofiddin Amriddinov -102 kg vazn toifasida g‘alaba qozongani haqida xabar yozgan edik.