Madaniy meros agentligi 2022 yilda asrab qolish ishlari amalga oshiriladigan madaniy meros yodgorliklari ro‘yxati tasdiqlanganini ma’lum qildi. Ushbu ro‘yxatga 34 ta madaniy meros obyektlari kiritilgan bo‘lib, ta’mirlash-tiklash ishlariga 75 mlrd so‘m mablag‘ sarflash rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘istonda bitta yodgorlik — Xalifa-Rajab maqbarasini tiklash, Buxoroda 17 ta, Surxondaryo va Qashqadaryoda to‘rttadan, Xorazm viloyatida beshta va Samarqandda uchtadan obyektni qayta tiklash rejalashtirilgan.

«Xususan, joriy yilgi ro‘yxatga ko‘ra, ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan Bahodir Yalangto‘shbiy madrasasi, Tolipoch qal’a qoldiqlari, „Ulug‘bek“ madrasasi, Amir Olimxon madrasasi, Ko‘k gumbaz, Oq Saroy, Islom Xo‘ja yozgi qarorgohi, Chodra hovli kabi obyektlarda restavratsiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan», — deb yozadi agentlik.

Shuningdek, Buxoro «Ark» qo‘rg‘oni majmuasidagi Qushbegi, Saisxona, Salomxona, Taxtxona madaniy meros obyektlarida ta’mirlash tiklash ishlari olib boriladi. Eng e’tiborga molik loyihalardan biri esa — «Ark» qo‘rg‘oni majmuasi vayronalari qismida «Arxeologik park» tashkil qilish bo‘lib turibdi.

Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» (Poi Kalon majmuasi) qulab tushgan qismlar va ta’mirtalab devorlarini ta’mirlash-qayta tiklash, atrofini obodonlashtirish ishlarini ham 2022-yilning IV choragida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarida amalga oshiriladigan asrashga doir ishlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar miqdori loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlanadi. Asrashga doir ishlar tegishli Madaniy meros obyektlari restavratsiya direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Zarur hollarda, mazkur manzilli ro‘yxatga Madaniy meros agentligi takliflari hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi xulosasiga ko‘ra bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri tomonidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Hukumatning 2022 yilda turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori bilan Toshkent, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm shaharlarida 38 ta madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 117,3 mlrd so‘mlik loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Oldinroq me’moriy meros obyektlarida olib borilayotgan restavratsiya ishlari sifati bir necha bor tanqid qilingan edi. Aprel oyida Madaniy meros agentligi noto‘g‘ri olib borilgan restavratsiya Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasining bir qismi tarixiy-badiiy qiymatini yo‘qotishiga olib kelgani haqida xabar bergan edi.