Yunusobod tumanidagi mahallalardan birida tuman hokimi yordamchisi firibgarlik yo‘li bilan mahalliy tadbirkordan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan. Bu haqda DXX matbuot xizmatiga tayanib O‘zA xabar berdi.

Ushbu shaxs DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorga yengil tipdagi savdo do‘koni o‘rnatish uchun mahalla hududidan 50 kv. m yer maydoni ajratilishi uchun tavsiya berishni va yer maydoni hujjatlarini tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Bu yil boshidan beri hokim yordamchilarining ta’magirlik qilishi bo‘yicha birinchi holat emas. Avvalroq, Toshkent tumani hokimi yordamchisi va uning sinfdoshi 4 sotix yerni 30 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganda ushlangani haqida yozgan edik. Aprel oyi boshida Chust tumani hokimi yordamchisi yer ajratib berish evaziga $15 ming talab qilganligi uchun ushlangan edi.

Hokim yordamchisi lavozimi yil boshida mamlakatning 9300 dan ortiq mahallalarida joriy qilingan edi.

19 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyeyov ta’magirlik bilan shug‘ullanadigan hokim yordamchilarini tanqid qilgan edi.

Shuningdek, DXX xabariga ko‘ra, Samarqand viloyatida ham yer rasmiylashtirish va sotish masalalari bo‘yicha pora olish holatlari aniqlangan.

Jumladan, Samarqand viloyat Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazining Samarqand shahar bo‘linmasi mutaxassisi chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkordan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u Nurobod tumanidagi korxonalarda biriga tegishli 78 gektar lalmi yer maydonini 135 ming AQSh dollari evaziga tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tuman bo‘limi katta inspektori o‘ziga tegishli fermer xo‘jalikning 20 gektar yer maydonini 50 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1975 y.t. shaxs o‘zi ish boshqaruvchi vazifasida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jalikning 6 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 170 ming AQSh dollaridan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.