O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi.

«Qalblarimiz quvonchga va ezgu niyatlarga to‘lgan ushbu saodatli va munavvar damlarda avvalo shunday tabarruk kunlarga yetkazgani, bayramni tinch va osuda muhitda, oilamiz, el-yurtimiz bilan hamjihatlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz», — deyiladi tabrikda.

«Dunyo ahlini o‘zaro do‘st va birodar bo‘lib, totuvlik va hamkorlikda yashashga da’vat etadigan Ramazon hayiti inson qadrini ulug‘lashning yorqin namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Hech shubhasiz, biz inson qadrini uning diniy sohadagi huquq va manfaatlari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘ramiz. Shuning uchun so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy qadriyatlarimizni tiklash, bebaho ilmiy-ma’naviy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda», — deya qayd etdi davlat rahbari.

«Hozirgi paytda dunyodagi vaziyat qanday shiddat bilan o‘zgarib borayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ayrim mintaqalardagi mojarolar tez alanga olib, tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Bularning barchasi oldimizga muhim vazifalarni qo‘yib, doimo hushyor va ogoh, zamon bilan hamnafas bo‘lib yashashni taqozo etmoqda», — dedi prezident.

«Muqaddas dinimiz ham chin musulmon odam har qanday sinov va muammoga hamisha tayyor turishi zarurligini, pok niyat, ezgu amallar bilan yashaydigan bandalarga albatta yuksak ajru mukofotlar ato etilishini uqtirib keladi. Shu ma’noda, yurtimizda barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, qadimiy va o‘lmas qadriyatlarga tayangan holda taraqqiyot sari jadal odimlash — davr talabidir. Ana shunday aniq maqsadlarni ko‘zlab, doimo oldinga intilgan taqdirdagina biz bugun — kechagidan, ertaga — bugungidan ko‘ra katta yutuqlarga erishmog‘imiz, obod va farovon hayot kechirmog‘imiz mumkin bo‘ladi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarning qalbi va ongida ana shu muhim fazilatlarni uyg‘unlashtirib, ularni jahon maydonida raqobatbardosh yetuk avlod etib tarbiyalashga chaqirdi.

«Hech qachon unutmaylik, dunyodagi o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan eng katta boylik bu — bilim va tarbiyadir», — dedi u.

Davlat rahbari o‘z tabrigi yakunida Ramazon hayiti munosabati bilan mamlakatda dam olish kunlari e’lon qilinga mo‘’tabar ota-onalarni ziyorat qilish, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olish, yaqinlar bilan diydor ko‘rishish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidlab o‘tdi.