Bosh prokuratura tizimida 8 nafar xodimdan iborat bo‘lgan Zomin tabiatini muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat va yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning «Jizzax viloyatida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashning ko‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi қарорида ko‘rsatib o‘tilgan.

Qarorga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan prokuratura xodimlari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasidan 4 nafardan xodimni qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Ixtisoslashtirilgan prokuraturaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hududlarida tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon va suv fondi yerlari, shu jumladan Zomin milliy tabiat bog‘i va Zomin davlat qo‘riqxonasi yerlaridan oqilona foydalanish hamda bunday yerlarni muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatish;
  • tumanlar hududidagi tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi hamda ularda noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish bo‘yicha doimiy choralar ko‘rib borish;
  • tumanlar hududidagi o‘rmon va suv fondi yerlaridan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan doimiy monitoring olib borish;
  • tumanlar hududida tabiatni, yer osti boyliklarini, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan qat’iy prokuror nazrotini o‘rnatish;
  • «Zomin» turistik-rekreatsiya zonasi hududiningg ekoturizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish, turistlar oqimini yanada ko‘paytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishiga ko‘maklashish;
  • sohada qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish choralarini ko‘rish.

Ixtisoslashtirilgan prokuratura Zomin tuman hududida joylashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Zomin» turistik-rekreatsion zonasi tashkil etish bo‘yicha prezident farmoni imzolangan edi. Unga ko‘ra, turistik zona hududida «Suffa platosi. 2400» xalqaro umummavsumiy kurorti va «O‘riklisoy» turizm majmuasi tashkil etilishi belgilangan.