27 aprel kuni prezidentning «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori [225-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qaror bilan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 12 oy muddatga, 11 oylik imtiyozli davr bilan 300 mlrd so‘m budjet ssudasi yillik 10 foiz stavkada ajratildi. budjet ssudasi hisobidan:

  • qishloq xo‘jaligi korxonalariga — meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun moddiy-texnik resurslar, urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish uchun;
  • qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga, «Agroservis operator» DUKga — ekinlarni xarid qilish uchun talab etiladigan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun yillik 14 foizda qarz beriladi.

«Agroservis operator» DUK tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, qarz shartnomasi asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarining vegetatsiya davridan ortiq bo‘lmagan muddatga yillik 14 foizda amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga qarz mablag‘lari ularni qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi taqdim etilganidan so‘ng ajratiladi.

Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlariga ikki hafta muddatda:

  • hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini, o‘g‘it va o‘simliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish hamda ekinlarni yer maydonlarida «bir kontur — bir mahsulot» tamoyili asosida joylashtirish;
  • Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish topshirildi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan prezidentning 2021 yil 15 dekabrdagi PQ-52-sonli qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida jalb qilingan Jahon bankining 65 mln dollarlik mablag‘lari hisobidan mahsulotlarni qayta ishlash, quritish, qadoqlash bo‘yicha kichik agrologistika markazlarini «Agroservis operator» DUK tomonidan qurib, istisno tariqasida tijorat banki ishtirokisiz 10 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan qishloq xo‘jaligi korxonalariga sotishga ruxsat berildi.