Rossiyaning “Uralskiye avialinii” aviakompaniyasi 29 oktabrga qadar Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston va O‘zbekistonga parvozlarni bekor qildi. Bu haqda kompaniya saytida e’lon qilindi.

Aviakompaniya parvozlarni bekor qilish qarorini “Yevropa davlatlarining havo hududini yopishi"i bilan izohladi.

11 aprel kuni YeI Rossiyaning 21 aviakompaniyasini ittifoq doirasida parvozlar taqiqlangan yoki faoliyat yuritishiga cheklovlar qo‘yiladigan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritdi. Cheklovlar, jumladan, “Uralskiye avialinii"ga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Ural aviatashuvchisi aviatsiya-texnik markazi direktori Igor Poddubniy kompaniya yana ikki-uch oy davomida “samolyotlarni to‘xtatmasdan va ehtiyot qismlar uchun demontaj qilmasdan” parvozlarni amalga oshirishi mumkinligini ta’kidladi, deb yozadi “Vedomosti”.

26 fevral kuni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti fonida Yevropa Ittifoqi Yevropa samolyotlarini Rossiyaga yetkazib berish, sotish, texnik xizmat ko‘rsatish va sug‘urtalashni, shuningdek, u yerda lizingga berishni ham taqiqladi. 28 martdan boshlab Yevropa lizing beruvchilari va Rossiya kompaniyalari o‘rtasidagi shartnomalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Transport vazirligining ma’lum qilishicha, 1300 ta samolyotdan deyarli 800 tasi Rossiya aviatsiya reyestriga o‘tkazilgan, 79 tasi esa xorijda hibsga olingan, deb yozadi “Kommersant”.

“Uralinformbyuro” ma’lumotlariga ko‘ra, “Uralskiye avialinii” yo‘lovchi tashish bo‘yicha Rossiyadagi yetakchi aviakompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya floti Yevropa konserni Airbus’ning 54 ta samolyotidan iborat (14 ta A321, 24 ta A320, 5 ta A319, 3 ta A320neo va 8 ta A321neo).