Belarus Toshkentda tramvay qurish loyihasida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko 25 aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar beradi BelTA.

25−27 aprel kunlari Toshkentda «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Belarusning mashinasozlik sohasidagi ekspozitsiyasi ham taqdim etilyapti.

«Yo‘lovchi shahar transporti sohasida takliflarimiz bor. Bugungi kunda elektr transportining rivojlanishi shunchaki modaga bo‘lgan hurmat emas, bizning fikrimizcha, bu kelgusi o‘n yilliklarda transport tuzilishini belgilab beradigan asosiy qarordir. Biz ushbu ekologik toza transport sohasida o‘z imkoniyatlarimizni taklif qilmoqchimiz», — dedi Roman Golovchenko.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fevral oyida Toshkentga tramvayni qaytarish rejasini ma’lum qilgan edi. Shu oyda davlat rahbariga tramvay qatnovini tiklash bo‘yicha ilk loyihalar taqdim etildi. Kuni kecha Kun.uz manbasiga tayanib, Toshkentda tramvay liniyalari qurilishi 2023 yilda boshlanishi haqida xabar bergan edi.

«Belarus tomoni zarur infratuzilma, rejalashtirish va harakat tarkibini yetkazib berish bilan bog‘liq kompleks yechimlarni taqdim etishga tayyor. Agar shunday qaror qabul qilinsa, biz O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz», — dedi Belarus hukumati rahbari.

Belarus tomoni, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdan manfaatdor, — dedi u.

Roman Golovchenko qishloq xo‘jaligi mavzusiga ham to‘xtalib, Belarus va O‘zbekistonda mustahkam qishloq xo‘jaligi bazasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar mavjudligiga e’tibor qaratdi.

«Biz oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligiga tayyor bo‘lishimiz kerak. Belarus tomoni O‘zbekiston bilan tajriba va texnologiyalarimizdan foydalangan holda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarga ega. Biz naslli chorva mollari, chorva ozuqasi, premikslar, veterinariya preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga, sut-tovar tayanch majmualarini yaratishga tayyormiz», — dedi u.


Foto: BELTA

Uning so‘zlariga ko‘ra, hali O‘zbekistonda va qo‘shni mamlakatlarda ishlab chiqarilmagan antibiotiklarni ishlab chiqarish loyihasi dolzarb ahamiyatga ega. «Belfarm» Belarus-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi ushbu maxsulotlarni O‘zbekistonda chiqarishni tashkil etish uchun 8 mln dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

Hukumat rahbarlari ta’lim, fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildi.

2021 yilda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 301,9 mln dollarni tashkil etdi va 2020 yilga nisbatan 7,8 foizga o‘sdi.

2021 yilda Belarus eksportining asosiy pozitsiyalari o‘ziga hos tovarlar, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, dori-darmonlar, vinilxlorid polimerlari, sut kukuni va diagnostika reagentlaridan tashkil topdi. O‘zbekistondan import qilinadigan tovarlarning asosini paxta iplari, yangi va quritilgan mevalar, o‘ziga xos mahsulotlar, mis prokati va choyshablar tashkil etdi.