17 mart kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 3 foizga oshirib, yillik 17 foiz etib belgiladi. Regulyator shoklarni yumshatish, milliy valyuta almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish, shuningdek, muddatli depozitlar bo‘yicha real foiz stavkalarini (1 yilgacha) oshirish orqali so‘mdagi aktivlar daromadliligini oshirish maqsadida pul-kredit shartlarini qattiqlashtirdi.

Markaziy bank asosiy stavkasi mart oyida 17 foizga oshirilganidan so‘ng jismoniy shaxslarning depozitlari bo‘yicha foiz stavkalari 20,9 foizgacha (+0,5 foiz band), yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 16,2 foizgacha (+0,7 foiz band) oshdi.

Shu bilan birga, depozitlar bo‘yicha foizlarning oshishi bilan milliy valyutadagai kreditlarning ham stavkalari oshishi kutilgan edi. Aholi uchun kredit 0,5 foizga — 21,8 foizgacha qimmatlashgan bo‘lsa, kompaniyalar uchun 1,1 foizga — 20,2 foizgacha arzonlashdi.

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Markaziy bank mart oyida kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar depozitlar bo‘yicha shakllangan foizlar, banklar tomonidan mijozga nisbatan o‘rnatiladigan risk uchun mukofot, banklarning kutilmalari va boshqa operatsion xarajatlari bilan bir qatorda pul-kredit sharoitlari ta’sirida shakllanganini ma’lum qildi.

Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari fevral oyidagiga nisbatan 1,1 foiz bandga pasayishi kuzatildi. Mazkur holat tadbirkorlik sub’eklariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha shartnomalarning qariyb 80 foizi Markaziy bank asosiy stavkasi o‘zgargunga qadar imzolanganligi bilan izohlanadi, deyiladi xabarda.

«Joriy yilning mart oyida tijorat banklari tomonidan milliy valyutada jami 11,1 trln so‘m, shundan tadbirkorlik subyektlariga 4,2 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Markaziy bank asosiy stavkasining o‘zgarishi ta’siri iqtisodiyotdagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalariga ma’lum muddat kechikish bilan ta’sir etadi», — deyiladi regulyator xabarida.

Asosiy stavka nima va u bizning hayotimizga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Markaziy bankning asosiy stavkasi — MB tomonidan tijorat banklariga kreditlar berishning minimal foizi hisoblanadi. Banklar MBdan kredit olib, kompaniyalarga, chakana iste’molchilarga va boshqa banklarga o‘zlarining foiz stavkalari bo‘yicha kreditlar berishadi, bu Markaziy bank stavkasidan bir oz yuqori bo‘ladi.

Asosiy stavka pul-kredit siyosatining asosiy quroli bo‘lib, uning yordamida Markaziy bank so‘mning kursini nazorat qilishi va mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Past stavka pul arzonligini anglatadi. Natijada korxonalar va aholining kredit olish faolligi, tadbirkorlik, shu bilan birga iqtisodiyot ham rivojlanadi. Bunday siyosatning salbiy ta’siri inflyatsiyaning oshishi bo‘lishi mumkin — pul arzon, shuning uchun u bozorda juda ko‘p. Asosiy stavka past bo‘lganda chayqovchilikning jozibadorligi oshadi, shuning uchun banklar xorijiy valyutani faol ravishda sotib olishadi. Bu bozorda tobora ko‘payib borayotgan so‘mning qadrsizlanishiga olib keladi. Bunga javoban Markaziy bank ham stavkalarni oshirishi mumkin. Shunda valyuta savdosi kamroq foyda keltirishni boshlaydi, chayqovchilar bozordan so‘m sotib oladi va kurs barqarorlashadi.

Agar iqtisodiyotda inflyatsiyaning sezilarli tezlashishi kuzatilsa va Markaziy bank asosiy stavkani oshirsa, pul jalb qilish xarajatlari oshishi sababli banklar kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini oshirishi mumkin. Biroq, shu bilan birga, yuqori stavka ham salbiy oqibatlarga olib keladi: aholining xarid qobiliyati va iqtisodiy rivojlanish sur’atlari pasayadi.

Inflyatsiyaning pasayishi va shunga mos ravishda asosiy stavkaning pasayishi bilan banklararo va xalqaro banklararo bozorda pul mablag‘larini jalb qilish arzonlashadi va shunga mos ravishda ular nisbatan past foiz stavkalarida kreditlar beradi, uy xo‘jaliklari va korxonalar uchun moliyaviy resurslar arzonlashadi.

Mijozlar bilan shartnomalar tuzishda Markaziy bankning asosiy stavkasi ham qo‘llanilishi mumkin. Bunday hollarda kredit bo‘yicha foiz stavkasi asosiy stavkaga «bog‘lanadi» va kredit bo‘yicha foizlarni to‘lash miqdori asosiy stavka darajasiga qarab o‘zgaradi. Yangi shartnomalar uchun foiz stavkasi yuqoriroq, eskilari uchun bu shartnoma shartlariga bog‘liq bo‘ladi

Prezidentning 8 apreldagi qarori bilan asosiy stavka oshirilgani ta’sirini yumshatish maqsadida ipoteka dasturlari va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari yil oxirigacha o‘zgarishsiz qoladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, foiz stavkalarining pasayishi bank bozoridagi raqobatga ham juda bog‘liq.

21 aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkani 17 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror qildi. Asosiy savdo-hamkor davlatlarda iqtisodiy vaziyat shu jumladan, valyuta kurslarining ma’lum darajada muvozanatlashuvi kuzatilayotganiga qaramasdan, barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolda noaniqlik va xatarlar darajasi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda, deya qayd etdi regulyator. Markaziy bank inflyatsiya, pul o‘tkazmalari va YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozlarini yomonlashtirdi.