Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatidagi xususiy uy hovlisida saqlangan sher bolasi tishlab olgan 2019 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolaning ahvoli haqida ma’lumot berdi.

Avvalroq uy egalari sayr qilish uchun uydan olib chiqqan yosh sher oziq-ovqat do‘koni yonida onasi va homilador xolasi bilan birga turgan bolaning boshi va yelkasidan tishlab olgan edi. Ona farzandini yirtqich changalidan qutqarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Hozirda bolakay Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasida davolanmoqda.

U shifoxonaga 7 aprel kuni soat 18:40lar atrofida olib kelinadi. Navbatchi shifokor ko‘rigidan so‘ng u «Boshning tepa sohasida, o‘ng yelkaning tepa uchligida va iyak qismida tishlangan jarohatlar» tashxisi bilan statsionar davolanish uchun yotqizilgan.

«Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o‘tkazildi, — deydi muassasa bosh shifokori D.Sabirov. -Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo‘llanilib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi».

Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda baholangan. Hushi joyida bo‘lsa-da, bezovta va qo‘rquv alomatlari ko‘zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.

Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevrapatolog va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.

Shuningdek, unda qo‘shimcha tarzda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari bo‘lgani uchun ko‘krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o‘tkazilgan. Pediatr tomonidan «O‘tkir respirator infeksiya. Faringobronxit» tashxisi qo‘yilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan.

Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda. SSV bemorning ahvolini nazoratga olgan. 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Ismat Nig‘matov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris G‘aniyev tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avval xabar berilganidek, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi uylardan birining hovlisida 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh. A, Afrika sheri bolasini boqib yurgan. Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan Sh. A.da yirtqich hayvonni olib kirish va boqish uchun ruxsatnoma yo‘qligi, u sher bolasini «qiziqishdan» saqlagani aniqlandi. Sher bolasi sud qarori chiqishiga qadar Steppe turtles pitomnigida vaqtinchalik saqlashga jo‘natildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.