BMT Afg‘oniston poytaxti Kobulda 19 aprel tongida ikki o‘g‘il bolalar maktabida sodir etilgan portlashlarni qoraladi.

Abdul Rahim Shahid maktabi va shialar jamiyati joylashgan Mumtoz o‘quv markazi yaqinida sodir bo‘lgan ketma-ket portlashlar oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi va 20 kishi yaralandi. Qayd etilishicha, maktabdagi hujum o‘quvchilar ertalabki mashg‘ulotlardan ketayotganlarida sodir bo‘lgan.

BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Ramiz Alakbarov 40 yillik urushdan omon qolgan Afg‘oniston xalqi uchun maktablar «bolalar o‘qib-o‘rganib yashaydigan xavfsiz jannat» bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, maktablar va uning atrofidagi zo‘ravonliklarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmas" deb atadi.

U tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlar xalqaro gumanitar huquq tomonidan qat’iyan taqiqlanganini eslatib, tergov va aybdorlarni jazolashga chaqirdi.