ISHID terrorchilik tashkilotining Xuroson bo‘limi O‘zbekiston hududini raketalar yordamida o‘qqa tutishga urindi, biroq snaryadlar o‘zbek chegarasigacha yetib bormadi. Bu haqda toliblar matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» maxsus muxbiri Abror Qurbonmuratov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatni ISHIDga a’zo jangarilar amalga oshirgan, biroq, maqsadiga yeta olmagan va raketalar O‘zbekiston chegarasigacha yetib bormagan.

«ISHID a’zolari o‘z maqsadiga erisha olmadi. Ularning turgan joyi aniqlandi. 2−3 kishi bir qancha snaryad bilan qo‘lga olindi. O‘zbekiston chegarasiga 2−3 ta snaryad yetib bormagan, ular ayrim xarobalar ustiga tushgan. Afg‘oniston Islom Amirligi hech kimga bizning hududimizdan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid qilishga yo‘l qo‘ymaydi», — deya ta’kidladi Inomulla Samangoniy afg‘on OAVlari tomonidan Twitter`da e’lon qilingan videomurojaatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha surishtiruvlar olib borilmoqda.

Shunga qaramasdan, Afg‘onistonning muvaqqat hukumati TIV seshanba kuni Afg‘oniston hududidan Termiz o‘qqa tutilgani haqidagi xabarni rad etdi.

«Afg‘on-o‘zbek chegarasi bo‘ylab vaziyat barqaror va tashvishlanishga xojat yo‘q. Afg‘oniston Islom Amirligi bergan va’dasini tasdiqlab, masuliyatli hukumat sifatida barcha qo‘shni davlatlarni chegara xavfsizligi qo‘shinlari hech kimning xavfsizligi buzilishiga yo‘l qo‘ymasdan chegaralarni nazorat qilishiga ishontiradi», — deyiladi xabarda.

Dushanba kuni terroristik tashkilotning axborot resurslari, uning ortidan esa tarmoqlarning boshqa foydalanuvchilari O‘zbekistonning Termiz shahridagi harbiy obyektlar o‘qqa tutilgani haqida xabar tarqatishdi. Ular bunga dalil tariqasida 10 ta raketa uchirilgani aks etgan videoni taqdim etishdi. Tasvirlardan o‘q otish uskunasining joylashgan joyi va otish yo‘nalishini aniqlash imkonsiz.

ISHIDning Xuroson bo‘limi o‘q otishlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

OAVlar shuningdek, tashkilot bayrog‘i ostida hujum ijrochisi va keyinchalik uchirilgan 10 ta raketani tasvirlarini namoyish etildi.

19 aprel kuni kechasi Termiz atrofida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Afg‘oniston hududidan raketalar bilan o‘qqa tutilgani haqidagi ilk xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi buni rasman rad etdi.

«O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Chegara qo‘shinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida hech qanday harbiy faollik kuzatilmayapti, vaziyat barqaror», — deya ta’kidladi u.


Ayrim afg‘on OAVlari raketadan o‘q otishlar rostdan ham bo‘lganini xabar qilishdi. Dalillardan biri sifatida Termizning shundoq qarshisidagi Hayraton shahridan suratga olingan va tasvirlarda raketa uskunasidan foydalanilgani aks etgan video keltirilmoqda. Mahalliy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston qiruvchilari ta’minan Afg‘oniston havo hududiga kirgan va Mozori-Sharif, Kaldar tumani (Balx provinsiyasining shimolida) va Hayraton portini nazorat qilishdi. Termiz tumanining «Ayriton» mahallasida yashaydigan haydovchi o‘z shaxsini sir saqlanishi sharti bilan «Gazeta.uz»ga 2−3 kun oldin «samolyotlarimiz chegara ustidan uchib o‘tganini» ma’lum qildi.


Bundan tashqari, 20 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Hayraton o‘zbek-afg‘on chegarasi ustidan uchib o‘tayotgan O‘zbekiston vertolyotlari videosi tarqaldi. Afg‘oniston OAVlari buni yuqori lavozimdagi afg‘on harbiy xizmatchisidan tasdiqlashdi.

«Gazeta.uz"O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qo‘shimcha axborot so‘rab, murojaat qildi.