Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish tafsilotlarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 17 aprel kuni Rabbimov (1977 y. t.) Sh. Samandarov (1998 y. t.) bilan Toshkent savdo markazi (Shayxontohur tumani) oldidagi jamoat joyida «shovqin qilib turishgan»

«Shu yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari kelib, ularning shaxsini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilishganda, ularga qarshilik ko‘rsatib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularni omma oldida haqorat qilishgan», — deyiladi xabarda.

Bu IIVning «Chaqar» mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida Kamoliddin Rabbimov xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmagani to‘g‘risidagi bayonotiga mos kelmaydi.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, «huquqbuzarlar K. Rabbimov va Sh. Samandarovning harakatlari ishda mavjud to‘plangan dalillar, jabrlanuvchi Z. Tursunovning arizasi, guvohlarning tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan».

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi qarori bilan Kamoliddin Rabbimov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) ga asosan uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sh. Samandarov esa IJTKning 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga BHMning 1 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ushbu qaror ustidan Kamoliddin Rabbimov tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 18 apreldagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining Kamoliddin Rabbimovga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgartirilgan va Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 18 apreldagi qarori bilan unga uzil-kesil BHMning 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirildi.

Kamoliddin Rabbimov o‘zining Facebook-sahifasida uyda ekanini ma’lum qildi.

«17 aprel, kechki soat 19:00 lar atrofida Chorsu bozori yonida reyd bo‘layotgandi, qonun ustuvorligini shaxsiy talqinimda o‘lchab, ushbu vaziyatga aralashgan edim. Lekin, men IIV xodimlarining ishlariga aralashganim xato ekanligini tushunaman. Menga nisbatan, qonun moddalariga ko‘ra, jarimalar belgilangan, men ularni o‘z vaqtida to‘lash niyatidaman. Qolgan tafsilotlarini keyinchalik bildirishga harakat qilaman. Iltimos, bu ishni siyosiylashtirmasliklaringizni so‘rayman. Bu yerda men tomonimdan yo‘l qo‘yilgan xatolar mavjud edi», — deb yozdi u.

Jurnalist Ilyos Safarov Rabbimovning qarindoshlariga tayanib, 17 aprel kuni 15:00 da uydan chiqqani so‘ngra u bilan aloqa uzilganini ma’lum qilgandi. Keyinroq u siyosatchi bilan qo‘ng‘iroqlashgani, uni tergov izolyatorida ushlab turishganini aniqladi.