Yil boshidan buyon mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 5 mingga yaqin bo‘sh binolar aniqlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, hokim yordamchilari aniqlagan bo‘sh bino-inshootlarni sotish, ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar ushbu mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanishi belgilandi. «Umuman, yil yakuniga qadar bo‘sh bino qolishi kerak emas», — dedi prezident.

Hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik kabi uy sharoitidagi kichik ishlab chiqarish loyihalarini mahallaning o‘zida kengaytirish kerakligi aytildi.

Shu munosabat bilan bir oy muddatda sanoat, hunarmandchilik va kasanachilik mikro markazlarini 700 ta ixtisoslashgan mahallada tashkil etish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu markazlarning 70 tasi ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda ochilishi zarur. Ushbu markazlardan 5 yil muddatda yer va mol-mulk solig‘i undirilmaydi, deyiladi xabarda.

Joriy yilda bu maqsadlarga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi, ushbu sanoat markazlari orqali 50 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.

Yig‘ilishda kasanachilikni rivojlantirish xotin-qizlar, nogironligi bor aholini ish bilan ta’minlash uchun yaxshi imkoniyat ekanligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan, kasanachilar bilan ishlaydigan tadbirkorlarga:

  • oilaviy tadbirkorlik dasturidan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi;
  • oladigan kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik jamg‘armasidan 75 foizlik kafillik beriladi hamda foiz xarajatlarining 10 foizdan yuqori qismi qoplab beriladi.

Kasanachilarga esa:

  • o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar kabi faqat ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati beriladi;
  • olis hududda ishlayotgan kasanachilarning dastlabki 1 oylik ish haqi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Viloyat hokimlariga ushbu imkoniyatlardan foydalanib yil yakuniga qadar 100 ming nafar aholining bandligini ta’minlash topshirildi.