1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari o‘tgan oyda 205,1 mln dollarga kamaygan holda 35,15 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu Markaziy bank ma’lumotlarida o‘z aksini topdi.

Bu pasayish, asosan, mart oyida valyuta zaxiralarining 354,5 mln dollarga qisqarib, 13,17 mlrd dollargacha kamayishi bilan bog‘liq. Bunga Markaziy bankning mart oyida so‘m kursini barqarorlashtirishga qaratilgan valyuta intervensiyalari sabab bo‘lishi mumkin.

Oltin zaxiralarining qiymati bir oz — 20,88 mlrd dollargacha (+ 159,4 mln dollar) oshdi, uning jismoniy hajmi esa bir xil — 10,9 mln troy unsiya darajasida (taxminan 339,02 tonna) saqlanib qoldi.

Shu bilan birga, mavjud zaxiralar mamlakatning 2021 yildagi 25,5 mlrd dollarni tashkil etgan yillik importi hajmidan ancha oshadi. O‘z navbatida, xalqaro tashkilotlarning rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tavsiyalariga ko‘ra, zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak, deb yozadi Spot.