1 maydan yangilangan O‘zbekiston Yo‘l harakati qoidalari kuchga kiradi. «Gazeta.uz» maktab va bolalar bog‘chalari yaqinida, turar-joylarda tezlikning kamaytirilishi hamda avtomobillarning old o‘rindiqlarida yo‘lovchilar uchun xavfsizlik kamarini taqish talabi kabi ba’zi o‘zgarishlar haqida avvalroq yozgan edi. Hujjatda yana nimalar deyilgan?

YHQdagi asosiy o‘zgarishlar

  • YHQ yangi ta’riflar bilan to‘ldirildi, ularning soni 50 tadan 70 taga ko‘paytirildi (6-band). Ular orasida velosipedchi, velosiped yo‘lkasi, velosipedchilar uchun tasma, piyoda va velosiped yo‘lkasi, o‘zib ketish, xavfsizlik oroli, ko‘rinishi cheklangan joylar, pulli to‘xtab turish joyi, elektromobil, favqulodda vaziyat yaratish va boshqalar mavjud.
  • «Haydovchilarning vazifalari» bobining (2-bob) nomi «Haydovchilarning umumiy vazifalari» deb o‘zgartirildi. U haydovchida biometrik pasport yoki ID-karta bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, texpasport, ishonchnoma va FJM sug‘urtasi bo‘lishi shart emasligi haqidagi band bilan to‘ldiriladi (7-band).
  • Aholi punktlarida harakatlanayotganda yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksi haydovchilariga xavfsizlik kamarlarini taqmaslikka ruxsat beruvchi bandlar chiqarib tashlandi. Haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari kerak (9).
  • Haydovchining vazifalari ro‘yxati harakatlanish vaqtida avariya holatini yuzaga keltirmaslik majburiyati (11) bilan to‘ldirildi.
  • Aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalarini baland ovozda qilib foydalanish taqiqlanadi. Xuddi shu taqiq dvigatel tovushiga ham tegishli (12).
  • Haydovchi yo‘lovchilar uchun o‘rnatilgan harakat vaqtida eshiklarni ochish yoki salondan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish kabi taqiqlarga rioya etilishini nazorat qilishi shart (24).
  • Tezkor va maxsus xizmatlarning yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishoralar yoqilgan transport vositalarini kuzatib kelayotgan mashinalarda yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan bo‘lishi kerak (25).
  • Tezkor va maxsus xizmatlar transport vositalarini quvib o‘tish taqiqlanadi (26). Bundan xalqaro hamda ikki va undan yuqori bo‘lakli yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlangan holda o‘zib o‘tish mustasno.
  • Yuk avtomobillari YHQda ko‘zda tutilgan istisnolardan tashqari, faqat chetki o‘ng qatorda harakatlanishi mumkin (68).
  • Velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishlari shart (167).
  • Velosipedchilar uchun o‘lchami kichraytirilgan doirasimon ishoralarga ega bo‘lgan svetofor qo‘llanilishi mumkin. Bunday holda svetofor bilan velosiped tasviriga ega bo‘lgan tegishli belgi o‘rnatiladi (34).
  • Velosipedchilarga velosiped yo‘laklari bo‘lgan taqdirda yo‘lning qatnov qismini velosipedda o‘tishga ruxsat berildi. Aks holda velosipeddan tushib, uni sudragan holda yo‘lni kesib o‘tish kerak bo‘ladi (168).
  • Veloyo‘lak va piyodalar yo‘lkasi kesishmasida velosipedchilar piyodalarni yo‘l berishlari kerak (169).
  • Yengil avtomobilning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonasidagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmasligi kerak (162).
  • Tashkilotlar va fuqarolarga yo‘lning harakat qismiga o‘zboshimchalik bilan sun’iy notekisliklar o‘rnatish taqiqlanadi (4).
  • Agar svetoforning ishoralari ishlamayotgan bo‘lsa, haydovchi boshqa (ko‘ndalang) yo‘nalishdagi svetofor ishoralari ishlamayotganligiga ishonch hosil qilishi lozim (43-band).
  • Tovushli ishoradan foydalanish taqiqlanadi, bunda zarur hollarda YTHlarning oldini olish yoki aholi punktlaridan tashqarida haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun (48).
  • Ruxsat berilgan eng yuqori tezlik o‘zgarishsiz qolmoqda, aholi punktlarida — 70 km/s, aholi puntlaridan tashqarida — 100 km/s. Yirik shaharlarda respublika komissiyasi cheklangan tezlikni ayrim uchastkalarda 60 km/s qilib belgilashi mumkin (78 — 79).
  • Tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetmasdan va o‘tib ketish 300 metrdan kam masofada ruxsat berilgan tezlik 30 km/s. Turar joy dahalari va yondosh hududlarda esa 20 km/s dan oshmaligi kerak (78).
  • Piyodalar o‘tish joylarida hatto piyodalar bo‘lmaganda ham quvib o‘tish taqiqlanadi (86).
  • Piyodalar o‘tish joylari, velosiped yo‘lkasi bilan kesishuvda va ulardan oldin 10 metrdan kam (bunga qadar — 5 m) masofa qolganda hamda velosipedchilar uchun tasmada (odam tushirish va mindirish mustasno) to‘xtash taqiqlanadi (91).
  • Qatnov qismi kesishmalarida va kesishayotgan qatnov qismi chetiga 30 metrdan kam masofada (avval — 5 metr) to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlanadi, bunda uch tomonlama kesishadigan chorrahalarda yondan tutashgan yo‘lning sidirg‘a chiziq yoki ajratuvchi mintaqa bilan ajratilgan qarama-qarshi tomoni bundan mustasno (91).
  • Transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan va o‘tib turib to‘xtash taqiqlanadi (91).
  • Sutkaning yorug‘ vaqtida kuchli yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) sharoitida haydovchilar yaqinni yorituvchi fara chiroqlari yoqilishi kerak (138).
  • Transport vositalarining texnik tavsifnomasida ko‘zda tutilgan miqdordan ortiq odamlarni tashish taqiqlanadi. Mazkur banddan «12 yoshgacha bolalarni hisobga olmaganda» jumlasi chiqarib tashlandi (159).