Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 13 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga 10 kun muddatda shaharning asosiy ko‘chalaridagi chuqurlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan topshiriq berdi. Chuqurlar, ayniqsa, mart oyida kuzatilgan kuchli yomg‘irdan so‘ng hosil bo‘lgan.

Poytaxtda jami 76 ta ko‘cha asosiy hisoblanadi, deya ma’lum qildi hokimning axborot texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Raqamli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Aleksey Xen «Gazeta.uz»ga. Mazkur ko‘chalarda allaqachon ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Asosiy ko‘chalar ro‘yxati: Abay, Sodiq Azimov, Amir Temur, Amir Temur maydoni, Afrosiyob, Ahmad Donish, Muxtor Ashrafiy, Aeroport (xalqaro aeroport yaqinidagi vokzal ko‘chalari), Beruniy, Beshqayrag‘och, Bobur, Bog‘ishamol, Bunyodkor, Buxoro, Buyuk Ipak yo‘li , Buyuk Turon, Gavhar, Do‘rmon yo‘li, Zarafshon, Zargarlik, Zarqaynar, Ziyolilar, Zulfiyaxonim, Islom Karimov, Istiqbol, Istiqlol, Qatortol, Katta Xirmontepa, Kichik xalq yo‘li, Abdulla Qodiriy, Qorasaroy, Qorasuv, Qoratosh, Labzak, Lutfiy, Matbuotchilar, Maxtumquli, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Movarounnahr, Muqimiy, Mustaqillik, Muhammad Yusuf, Alisher Navoiy, Nazarbek, Nukus, Nurafshon, Oybek, Oqqo‘rg‘on, Olmazor, Oltintepa, Osiyo, Parkent, Yunus Rajabiy, Sharof Rashidov, Shota Rustaveli, Sag‘bon, Sebzor, Sultoniya, Turkiston, Mannon Uyg‘ur, Farg‘ona yo‘li, Farobiy, Farhod, Fidokor, Fitrat, Furqat, Chilonzor, Choshtepa, Cho‘ponota, Shastri, Shahrisabz, Taras Shevchenko, Shirin, Sho‘rtepa va Yangi Sergeli.


Toshkentning asosiy ko‘chalari xaritada.

Toshkent shahri aholisi ko‘chalarni ta’mirlashda yordam berishi mumkin, deya qayd etdi Raqamli rivojlanish boshqarmasi. Buning uchun chuqurni suratga olish va joylashuvini ko‘rsatgan holda XalqNazorati.uz sayti orqali ta’mirlash yuzasidan ariza joylashtirish mumkin. Surat sifatli bo‘lishi va yaqin atrofdagi binolar, muassasalar va chuqurni tezroq topishga yordam berishi mumkin bo‘lgan boshqa mo‘ljallarni ko‘rish mumkin bo‘lishi muhim. Qulaylik uchun Google Play va App Store`dan Xalq Nazorati ilovasini yuklab olish mumkin.

Arizalar ko‘rib chiqiladi va tegishli xizmatlarga yo‘naltiriladi. Ular ishni tamomlagach, chuqur bartaraf etilganligi to‘g‘risida arizachiga xabar beradi. Ariza faqat arizachi tomonidan hal qilingan deb belgilanishi mumkin.

Mahallalarning ichki ko‘chalaridagi chuqurlar yil davomida «Obod mahalla» dasturi doirasida bartaraf etilishi ko‘zda tutilgan.

Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev, ta’mirlash ishlari, zarurat tug‘ilgan taqdirda, tungi vaqtlarda ham olib borilishi mumkinligini ta’kidladi. «Prokurordan ish sifati va mablag‘lar sarflanishini nazorat ostiga olishni so‘raymiz. Birorta ham chuqur qolmasligi kerak. Sifatsiz ishni qabul qilmaymiz», — dedi u.