O‘zbekiston hukumati tijorat banklariga o‘z mijozlarini xorijiy hamkorlar bilan ishlashda sanksiyalarga tushgan Rossiya banklari to‘g‘risida xabardor qilish vazifasini yukladi.

Bunday topshiriq 28 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov boshchiligida o‘tkazilgan «Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha» hukumat komissiyasi yig‘ilishida Markaziy bank va tijorat banklariga berildi.

Xususan, hukumat topshirig‘iga binoan, Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda har bir eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishdan oldin mahalliy korxonalar bilan «mijozbay» ishlagan holda xorijiy hamkorlarning tijorat banklari sanksiyalarga tushgan yoki tushmaganligini aniqlash hamda korxonalarni xabardor qilish tizimini yo‘lga qo‘yishi lozim.

14 aprel kuni «Ipak Yo‘li» banki quyidagi ro‘yxatda keltirilgan Rossiya banklari va ularning xorijiy filiallari bilan, ularga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar va cheklovlar sabab, Rossiya rublidan tashqari barcha turdagi valyutalarda xalqaro to‘lovlar to‘xtatilganini ma’lum qildi:

  • Sberbank;
  • Novikom bank;
  • Promsvyazbank;
  • Veb bank;
  • Tinkoff bank;
  • Rossiya banki;
  • Otkritiye Bank;
  • VTB Bank;
  • Alfa bank;
  • Moskva kredit banki;
  • Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki;
  • Belarus taraqqiyot va tiklanish banki;
  • Belinvestbank;
  • GENBANK;
  • Sanoat jamg‘arma banki;
  • OAJ ROSEKSIMBANK;
  • Moskva banki;
  • Sarovbiznesbank;
  • Rosgosstrax banki;
  • Vetnam-Rossiya qo‘shma banki;
  • G‘arbiy Sibir tijorat banki.

«Biz barcha mijozlarimizni pul mablag‘larining istalmagan tarzda bloklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun xorijiy hamkorlari bilan xalqaro hisob-kitob amaliyotlarini boshqa banklarga o‘tkazishlarini qat’iyan tavsiya qilamiz», — deyiladi bank xabarida.

4 mart kuni «KDB Bank O‘zbekiston» amaldagi sanksiya dasturlariga kirgan turli yurisdiksiyadagi banklar qator banklar ro‘yxatini e’lon qilib, mazkur banklar ishtirokidagi har qanday amaliyotlar to‘xtatib turilishini ma’lum qilgan edi.

«Agar Sizning eksport, import yoki boshqa xorijiy shartnomalaringiz bo‘yicha ishtirok etadigan bank yoki moliya tashkiloti sanksiya kiritilgan banklar ro‘yxatida mavjud bo‘lsa, u holda benefitsiar banki muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzlari paydo bo‘lishini oldini olish maqsadida o‘zgartirish uchun qayta ko‘rib chiqiladi», — deya qayd etgan KDB Bank.

KDB Bank tomonidan tuzilgan amaldagi ro‘yxatga, 6 aprel holatiga ko‘ra, 53 ta xorijiy bank, jumladan, Belarus banklari ham kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainadagi urush fonida G‘arb davlatlari Rossiya banklariga nisbatan sanksiyalar joriy qila boshlagan edi.

«Vedomosti»ning ekspertlarga tayanib yozishicha, SDN ro‘yxati («qora ro‘yxat») dagi banklar barcha xalqaro munosabatlardan uzib qo‘yilgan, sababi AQShning CAATCA («Amerikaning dushmanlariga sanksiyalar vositasida qarshi turish to‘g‘risida») qonuniga ko‘ra, dunyodagi har qanday bank SDN ro‘yxatidagi bank bilan yirik bitim tuzgan taqdirda, uning o‘zi ikkinchi darajali sanksiyalar ostida qoladi.

Bu risk hozircha nazariy, hozirgacha bunday pretsedentlar kuzatilmagan. Biroq AQSh allaqachon butun dunyo bo‘ylab Rossiyaning sanksiyaga uchragan subyektlariga ko‘rsatilgan yordamlar ustidan monitoringni kuchaytirishini e’lon qildi, bu esa ikkilamchi sanksiyalar xavfi yanada jiddiyroq ekanidan dalolat beradi.