Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ukrainadagi urushning salbiy oqibatlari ta’sirini hisobga olgan holda, 2022 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozlarini 6 foizdan 3−4 foizacha pasaytirganini ma’lum qildi. Tashkilot buni Ukrainadagi urush hamda Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar fonida yuzaga kelgan noaniqliklar va pandemiyaning qayta avj olishi bilan bog‘liq boshqa risklarning mamlakat iqtisodiyoti uchun potensial salbiy oqibatlari bilan izohlamoqda.

2022 yilning 31 martidan 13 apreliga qadar XVJ missiyasi konsultatsion muhokamalar o‘tkazish maqsadida Toshkentda bo‘ldi. Missiya yakunida 2022 yil uchun O‘zbekistonning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va umumiy iqtisodiy vaziyat yuzasidan XVJning yakuniy bayonoti e’lon qilindi.

Rivojlanish istiqbollariga salbiy ta’sir etuvchi potensial omillar

XVJ xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston pandemiya oqibatlarini muvaffaqiyatli yengib o‘tgan bir paytda, Ukrainadagi urush hamda Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi noaniqlikni keltirib chiqardi va uning rivojlanish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori, pul o‘tkazmalari hamda energetika va tog‘-kon sanoatini moliyalashtirishning asosiy manbasi hisoblanadi.

Savdodagi uzilishlar, yoqilg‘i va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi hamda global moliyaviy sharoitlarning keskinlashuvi ortidan mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shimcha cheklovlar yuzaga keladi. Volatillik va noaniqlik biroz vaqt davomida yuqoriligicha qolishi kutilmoqda.

Rossiyadan kirib keladigan pul o‘tkazmalari va moliyalashtirishning qisqarishi, yetkazib berish zanjiridagi kutilayotgan uzilishlar va boshqa sabablarga ko‘ra mamlakatda iste’mol va investitsiyalarning qisqarishi kutilmoqda.

Joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMga nisbatan 9,5 foizgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda, ayni paytda pul o‘tkazmalarining qisqarishi importning kamayishi va xomashyo tovarlar eksportidan olinadigan daromadlarning oshishi hisobiga qisman qoplanadi. Jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i narxlarining keskin o‘sishi tufayli 2022 yilda inflyatsiya ko‘rsatkichi yuqori — 12 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda.

Tashkilot mazkur prognozlar yuqori noaniqlik bilan tavsiflanishini hamda prognoz ko‘rsatkichlarning ehtimoliy pasayish xavfini qayd etgan. Xususan, bu kabi risklar urushning kuchayishi va sanksiyalar, shuningdek, COVID-19 virusining yangi shtamlari paydo bo‘lishi ortidan pandemiyaning qayta kun tartibiga chiqishi bilan bog‘liq. Tashkilotga ko‘ra, mamlakat aholisining yanada ko‘proq qismi virusga qarshi vaksinatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida immunizatsiya dasturlarini davom ettirish zarur.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning boshqa asosiy savdo hamkorlari, jumladan, Xitoy, Turkiya va Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishi va xomashyo narxlarining ehtimoliy volatilligi ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Oqibatlarni yumshatish va bararorlikni ta’minlash chora-tadbirlari

XVJning ta’kidlashicha, hukumat Ukrainadagi urush oqibatlarining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining zaif qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni saqlash hamda savdo kanallari va moliyaviy oqimlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan qarorlar qabul qildi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar xalqaro tranzaksiyalarni sanksiyaga uchramagan kanallar orqali amalga oshirmoqdalar. Biroq keng ko‘lamli logistika muammolari yetkazib berish bilan bog‘liq kechikishlarga va xarajatlarning sezilarli darajada oshishiga olib keladi.

Qayd etilishicha, 2022 yilda mamlakatda iqtisodiy tiklanish sur’atining pasayishi sharoitida yillik rejalashtirilgan fiskal konsolidatsiya ko‘lamini qisqartirish mumkin.

«Pandemiya davrida budjet defitsiti ortib, 2021 yilda YAIMga nisbatan 6 foizga yetgani sabab 2022 yil uchun tasdiqlangan budjet defitsitini YAIMga nisbatan 3 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan edi. Biroq qarz darajasi nisbatan pastligicha qolayotgani sabab fiskal konsolidatsiya sur’atlarini sekinlashtirish imkoniyati mavjud. Oltin sotishdan olinadigan yuqori daromadlar iqtisodiy faollikning pasayishi ortidan qisqargan daromadlar o‘rnini qoplaydi, biroq narxlar oshishi fonida pul o‘tkazmalari kamayishiga duch kelgan ijtimoiy himoyaga muhtoj uy xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha manzilli qo‘llab-quvvatlash talab etiladi. Xarajatlardagi ustuvorliklar va investitsion rejalarni qayta ko‘rib chiqish orqali defitsitni YAIMga nisbatan 4 foiz atrofida ushlab turish mumkin. Yanada sezilarli darajadagi defitsit, asosan, ko‘p tomonlama va ikki tomonlama rasmiy yordamlar va cheklangan ichki moliyalashtirish, shuningdek, konyunktura yaxshilangan taqdirda, kapital bozorlaridan foydalanish hisobiga moliyalashtirilishi mumkin», — deya ta’kidlagan XVJ.

Mutasaddi organlarga kelgusi yillarda budjet defitsitini YAIMga nisbatan 3 foiz darajasida cheklash majburiyati yuklatilgani hisobga olinsa, O‘zbekiston qarz inqirozi xavfi past bo‘lgan hududda qolmoqda. Xalqaro zaxiralarning yuqori darajasi va qarz majburiyatlarining uzoq muddatlari qarz inqirozi yuzaga kelishi xavfini yanada kamaytiradi.

Tashkilotning qayd etishicha, monetar siyosat oldida inflyatsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy tiklanishni davom ettirish o‘rtasida muvozanatni ta’minlashdek murakkab vazifa turibdi.

«Amaldagi siyosat narxga nisbatan bosimni ushlab turish va inflyatsiyani Markaziy bankning o‘rta muddatli maqsadli ko‘rsatkichi darajasigacha bosqichma-bosqich pasaytirish uchun o‘rinlidek. Biroq iqtisodiy siyosatning ta’siri amalda moliyaviy vositachilikning past darajasi, dollarlashtirishning yuqori darajasi, shuningdek, imtiyozli kreditlash dasturlari bilan cheklanganligicha qolmoqda. Bunday vaziyatda ,oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i narxlari bosimi asosiy inflyatsiya ko‘rsatkichiga yanada kengroq ta’sir qilgan taqdirda, inflyatsiya tendensiyalarining oldini olish uchun monetar siyosatni yanada qat’iylashtirish talab etilishi mumkin… Valyuta kursining moslashuvchanligi qisqa muddatli volatillikni yumshatib, tashqi shoklarni o‘zlashtirishga yordam beradi», — deyiladi XVJ xulosasida.

Pandemiya davrida bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) sezilarli darajada o‘sishi kuzatildi. Kreditlash ko‘lami barqaror sur’atlargacha sekinlashganiga qaramay, pandemiyaning salbiy oqibatlari va o‘tgan davrda taqdim etilgan kreditlar majburiyatlari kengayishi yana yuzaga chiqishi mumkin. Rossiya banklariga kiritilgan sanksiyalar rejimi fonida savdo va pul o‘tkazmalarining qisqarishi O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmining oshishiga olib kelishi mumkin.

«Kredit portfellari yuqori konsentratsiya va valyuta risklarini namoyon etishda davom etmoqda, ayni paytda eng yuqori risklar asosan davlat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Markaziy bank [tijorat] banklarning likvidlik holati va kapitalini, shu jumladan, yangilangan stress-testlar yordamida diqqat bilan monitoring qilib borishni davom ettirishi, zarurat tug‘ilganda yashovchan banklarning likvidliligini qo‘llab-quvvatlashga tayyor turishi lozim», — deya qayd etadi XVJ.

Iqtisodiy o‘sish va barqarorlikni oshirishga qaratilgan davlat siyosati

XVJga ko‘ra, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish davlat xarajatlari va daromadlar safarbarligi samaradorligini oshirishni talab qiladi. Mamlakatda davlat boshqaruvini optimallashtirish, davlat investitsiyalarini boshqarishni yanada takomillashtirish, sog‘liqni saqlash hamda ta’lim dasturlarini talab etiladigan ko‘nikmalarga muvofiqlashtirish bilan birga, ta’lim sohalariga sarf-xarajatlar samaradorligini oshirish zarurati kun tartibida qolmoqda. Pandemiya davrida manzillilik jihatidan sezilarli yaxshilangan ijtimoiy siyosatning mantiqiy davomi sifatida pensiya tizimi va keksalikda kambag‘allikdan himoya qilishning barqaror asoslarini yaratish maqsadga muvofiq.

Imtiyozlarni bekor qilish hamda soliq va bojxona ma’muriyatchiligining yaxshilanishi hisobiga budjetga tushumlar oshishi mumkin, bu esa 2023 yilda QQS stavkasini rejalashtirilgan darajagacha pasaytirish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, xususiy sektorga tayangan holda va ko‘p sonli ish o‘rinlari yaratish orqali faol o‘sish uchun sharoit yaratish jadal o‘sib borayotgan ishchi kuchi va qaytishi kutilayotgan mehnat migrantlari oqimini mehnat bozorida o‘zlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega. O‘sishni moliyalashtirishda davlat qarzlari va davlat korxonalarini kreditlashdan xususiy investitsiyalarga o‘tish lozim, yangi ish o‘rinlarini esa kichik va o‘rta xususiy korxonalar yaratishi zarur.

Hukumat tomonidan bozorlarni ochish va raqobatni kuchaytirish yuzasidan ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni e’tirof etgan holda, tashkilot bozorlarni ochish va biznes uchun teng sharoitlar yaratish borasida oldindagi vazifalar hali talaygina ekanligini eslatib o‘tadi. Jumladan:

  • ko‘p sonli farmonlar chiqarishdan voz kechib, bozorga yo‘naltirilgan mustahkam qonunchilik bazasini ishlab chiqish va biznes yuritish tartib-taomillarini tartibga solish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish, sud hokimiyatining mustaqilligi va xolisligini ta’minlash hamda boshqa usullar orqali mulk huquqi va qonun ustuvorligini mustahkamlash;
  • qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yerlarni sotishni tezlashtirish, yerga egalik qilish huquqini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi yerlari bozorini yaratish (bu investorlar himoyasi hamda fermerlarga moliyalashtirishni jalb etishda muhim ahamiyatga ega);
  • hukumat organlari tomonidan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar va EI GSP+ doirasida sertifikatlashtirish jarayonlarini tezlashtirilishi (bu tashqi savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilishga yordam beradi).

Shuningdek, tashkilot O‘zbekistonda davlatning iqtisodiyotga aralashuvi darajasini kamaytirish masalasiga to‘xtalgan.

«Davlatning iqtisodiyotdagi rolini sezilarli darajada kamaytirish lozim. O‘tgan yilda hukumat ko‘p sonli kichik davlat aktivlari va bitta o‘rta hajmdagi davlat korxonasini sotish orqali xususiylashtirishga kirishdi. Biroq hali ham yalpi ishlab chiqarishning yarmidan ko‘pi davlat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida ustunlik qilmoqda», — deya qayd etgan XVJ.

Energetika sektoridagi islohotlar iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlarini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

«Elektr energiyasi tariflarini bosqichma-bosqich xarajatlarni qoplash darajasiga, so‘ngra bozor darajasiga olib chiqish, bunda qo‘shimcha ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari himoyasini ta’minlash, energetika sohasini tartibga soluvchi mustaqil organni tashkil etish raqobatbardosh energiya bozorini shakllantirish, energiya samaradorligi va resurslarni taqsimlashni yaxshilashning zarur shartidir», — deyiladi XVJ xulosasida.

XVJga ko‘ra, kelgusi yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va tarkibiy o‘zgarishlarni jadallashtirish o‘sish sur’atlarini o‘rta muddatli istiqbolda yiliga 5−6 foizlik tendensiyaga qaytarishda muhim ahamiyatga ega. Bu O‘zbekiston 2030 yilga borib aholi jon boshiga daromadi darajasi 4000 dollardan yuqori bo‘lgan o‘rtadan yuqori daromadga ega bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishi va mamlakatda kambag‘allik darajasini ikki baravar kamaytirish maqsadiga erishishiga zamin yaratadi.