Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi (ARA) mamlakat temir yo‘l vokzallarini qo‘shni davlatlar bilan ishlatish bo‘yicha shartnomalar Afg‘oniston manfaatlarini hisobga olmasdan tuzilganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Ariana News.

Qo‘shni davlatlar kompaniyalariga stansiyalarni ishlatish uchun har yili o‘n millionlab dollar to‘lanadi, deydi rasmiylar.

ARA yangi rahbariyati temir yo‘l vokzallari nazoratini afg‘on kompaniyalariga o‘tkazish rejasi ustida ishlamoqda, bu esa «Afg‘oniston milliy iqtisodiyotiga bevosita foyda keltirishi mumkin».

Temir yo‘l boshqarmasi direktori Baxt-u-Rahmon Sharafatning aytishicha, O‘zbekiston kompaniyasi «Hayraton — Mozori-Sharif» temir yo‘l liniyasini boshqarish bo‘yicha shartnomaga ko‘ra yiliga 18 mln dollar oladi. Biroq mahalliy kompaniyalar ushbu mablag‘ning 25 foizi uchun xuddi shunday ishni bajarishga tayyor.

Ariana News xabariga ko‘ra, Afg‘oniston xususiy sektori ham mamlakat temir yo‘l hokimiyatini temir yo‘l aloqalari orqali savdo imkoniyatlarini kengaytirishga chaqirgan.

«Agar temir yo‘l orqali eksport qila olsak, bu bizga arzon bo‘ladi, shu tufayli eksportni kengaytiramiz va narxlarni arzonlashtiramiz», — deydi Afg‘oniston sanoat uyushmasi direktori Abdul Jabar Safi.

Foto: ARA

ARA xabariga ko‘ra, Afg‘oniston delegatsiyasi kelishuv hamda «Hayraton» portidan foydalanish masalalarini batafsil muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati sho‘ba korxonasi «So‘g‘diyona Trans» 2011 yil dekabrida Afg‘onistondagi «Hayraton — Mozori-Sharif» temir yo‘l liniyasini boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi 2010 yil noyabr oyida 129 mln dollarlik 75 km uzunlikdagi liniya qurilishini yakunladi.

O‘tgan yil oxirida O‘TY Afg‘onistondan yuk tashish hajmini oshirish rejasini e’lon qildi. 2021 yilda Afg‘onistondan temir yo‘l orqali 32,4 ming tonna (564 vagon) yuk (quruq mevalar, kartoshka, mandarin va talk) tashildi. Shu bilan birga, ushbu yukning qariyb 16 ming tonnasi O‘zbekistonga, 13,8 ming tonnasi Qozog‘istonga, 2570 tonnasi Rossiyaga mo‘ljallangan.

Afg‘oniston importining qariyb yarmi, shuningdek, gumanitar yuklarning salmoqli qismi «Hayraton» orqali o‘tadi.