O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni «Tuman va shahar budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolar ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi (hujjat matni «Gazeta.uz»da bor).

Eslatib o‘tamiz, 2 aprelga o‘tar kechasi «Ochiq budjet» portalida birinchi yarim yillik uchun budjet takliflari loyihalari bo‘yicha ovoz berish yakunlandi. O‘zbekiston aholisi taklif qilingan 69,7 ming loyihadan 40,2 mingtasi uchun 6,72 mln (mamlakat katta yoshdagi aholisining qariyb uchdan bir qismi) ovoz berdi.

Natijada 2215 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni moliyalashtirish uchun 1,11 trln so‘m yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Natijalar e’lon qilingandan so‘ng, turli viloyatlar aholisi o‘z loyihalari g‘alabasini mushaklar, musiqa va raqslar bilan nishonlay boshladi.

Biroq prezident qarori bilan har biri 2000 dan ortiq ovoz olgan (jami 480 mingdan ortiq ovoz), lekin ovoz berish jarayonida g‘olib deb topilmagan 139 ta loyihani moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 85,4 mlrd so‘m ajratilgan. Xususan, pullar quyidagilarga ketadi:

  • 76 ta maktabni joriy ta’mirlash va jihozlash;
  • 23 ta mahallada ichimlik suvi tizimini yaxshilash;
  • 13 ta maktabgacha ta’lim muassasasini ta’mirlash va jihozlash;
  • 5 ta sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va jihozlash;
  • va boshqa tadbirlar.

Shu bilan birga, ushbu mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2022 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan huquqbuzarliklar faktlari asosidagi mablag‘lar hisobidan yo‘naltirilmoqda. Masalan, Davlat moliyaviy nazorati tomonidan 2021 yilning to‘qqiz oyida budjet mablag‘larining sarflanishida 728,8 mlrd so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan. budjet intizomini buzish holatlarining aksariyati sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi tizimlarida, shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida sodir bo‘lmoqda.

Hokimliklarga qo‘shimcha ajratilgan mablag‘larni bir kun muddatda Fuqarolik tashabbusi jamg‘armasiga o‘tkazish topshirildi. Ular har oyning oxirida, keyingi oyning 10-kuniga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobotlarni ommaviy axborot vositalari ishtirokida e’lon qilishlari shart.

Bundan tashqari, har chorak yakunlariga ko‘ra, hokimlar Oliy Majlis Senati oldida loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot berib boradi.

G‘oliblar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.