2022 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishi 4% ni tashkil etishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) o‘zining 2022 yilgi «Osiyo taraqqiyot istiqbollari» hisobotida.

Bank prognozlariga ko‘ra, joriy yilda mamlakat YAIMi 2021 yilda kuzatilgan 7,4% lik o‘sishga nisbatan sekinroq sur’atda o‘sadi. O‘sish sur’atining sekinlashishi mamlakatda xususiy iste’molning qisqarishi va natijada sanoat hamda xizmatlar sohasi kengayishining cheklanishi bilan izohlangan. Shuningdek, 2023 yilda iqtisodiy o‘sish 4,5% gacha ko‘tarilishi mumkin, biroq keskin o‘zgaruvchi tashqi muhit va COVID-19 virusining yangi variantlari paydo bo‘lishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud ekanligi aytilmoqda.

Bank prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatda inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,7% dan 9% gacha, 2023 yilda esa 8% gacha pasayishi kutilmoqda. Shuningdek, sanoat sohasi o‘sishi sur’ati 2022 yilda 5% gacha sekinlashib, 2023 yilda 5,5% gacha qayta tiklanishi prognoz qilinmoqda.

Qayd etilishicha, pandemiyadan keyin yalpi talabning pasayishi, shu bilan birga, xorijdan pul o‘tkazmalari oqimining qisqarishi uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatda 2022 yilda xususiy iste’molning o‘sishi 4,5% gacha sekinlashishi, 2023 yilda 5% gacha tiklanishi kutilmoqda.

OTBga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda tovar va xizmatlar eksporti, xususan, mis, oltin, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlari eksporti 9% gacha o‘sadi. Ayni paytda, transport xizmatlari, import kapitali va oraliq tovarlarga talabning qisqarishi natijasida kelgusi ikki yilda tovar va xizmatlar importining o‘sishi qariyb 12% gacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sindi Malvichinining so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda, asosan, sanoat va xizmatlar sohasining kengayishi hisobiga «mustahkam o‘sish tiklanishi» kuzatildi.

«Sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashishni moliyalashtirish tadbirlariga xususiy sektorning jalb qilinishi uchun qulay muhit yaratish hukumatning o‘sish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini amalga tadbiq qilinishiga yordam beradi», — deya qayd etgan Sindi Malvichini.

OTB, shuningdek, O‘zbekistonga yashil iqtisodiyotga o‘tishda yodam berish maqsadida ayrim tavsiyalar bergan. Jumladan:

  • iqlimdan xabardorlikni oshirish;
  • yashil iqtisodiyotga davlat investitsiyalarini rejalashtirish bo‘yicha institutsional muvofiqlashtirishni kuchaytirish;
  • yashil moliyalashtirishni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik va kredit kafolatlarini kengaytirish mamlakatda qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish va boshqa muhim infratuzilmaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishda yordam berishi mumkinligi qayd etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq YeTTB Ukrainadagi urushning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sirini inobatga olgan holda, 2022 yilda O‘zbekiston YAIMi o‘sishi prognozini 6% dan 4% gacha pasaytirgan edi.

Shuningdek, Fitch Ratings agentligi 2022 yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati prognozini 3,1% gacha pasaytirganligi xabar qilindi.