Vazirlar Mahkamasining 2 apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi [149-son] qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Norma.

Hujjat bilan dori vositalari (substansiyalar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni guruhlarga bo‘linishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022−2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilish nazarda tutilgan.

Majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari hamda mahsulotlar turlari quyidagicha belgilandi:

  • birinchi guruh — ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori vositalari (orfan dori vositalari bundan mustasno) — 2022 yil 1 sentabrdan boshlab;
  • ikkinchi guruh — birlamchi (ichki) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori vositalari va dorivor angro — mahsulotlari (orfan dori vositalari bundan mustasno) — 2022 yil 1 noyabrdan boshlab;
  • uchinchi guruh — orfan dori vositalari (kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun) — 2023 yil 1 martdan boshlab;
  • to‘rtinchi guruh — maxsus ro‘yxatga kiritilgan import qilingan tibbiy buyumlar — 2025 yil 1 fevraldan boshlab.

Vazirlar Mahkamasi qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • majburiy raqamli markirovkalanadigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning identifikatsiya kodlari ro‘yxati;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni xorijiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;
  • ulgurji va chakana savdo tashkilotlarining dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishi grafigi;
  • sog‘liqni saqlash sohasidagi tibbiyot muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishi grafigi;
  • Dori vositalari va tibbiy buyumlarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2 aprel sanasidan kuchga kirdi.

2020 yilda “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi ishga tushirilgandi. Tizim operatori Rossiyada tovarlarni markirovkalash tizimining yagona operatori bo‘lgan Rossiya ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (SRPT) tomonidan yaratilgan CRPT Turon etib belgilandi, uning aksiyadori Alisher Usmonovning USM Holding kompaniyasi hisoblanadi.

Fevral boshida tijoriy materialda markirovkalash bo‘yicha pilot loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ma’lum qilingandi. Unda 27 ta mahalliy farmatsevtika kompaniyasi: Jurabek Laboratories, Nobel PharmSanoat, Nika Pharm, Remeddy Group va boshqalar, qolaversa, KRKA, Dr. Reddy’s, Adamed, “Farmak”, “Berlin Ximi”, Abbott Laboratories, Novartis Pharma Services, Claus Marsh kabi 46 ta xorijiy ishlab chiqaruvchilar ham qatnashgan.

Avvalroq, 15 apreldan boshlab maishiy texnika vositalarini majburiy raqamli markirovkalash joriy etilishi haqida yozgandik.