O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud jarayonida blogerlik faoliyati bilan shug‘ullangan Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishi kassatsiya tartibida berilgan shikoyat asosida ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi Oliy sud rasmiy vakili Aziz Abidov.

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2022 yil 5 apreldagi ajrimi bilan Otabek Sattoriyga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmi hamda Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 15 iyuldagi ajrimi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

«Gazeta.uz» sud Otabek Sattoriyni tuhmat va tovlamachilikda aybdor deb topib, 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgani, shuningdek, blogger va «Termiz Eko Ekspress» MCHJ rahbari o‘rtasida tuzilgan ikkita kvartirani sotish bo‘yicha shartnomalarni haqiqiy emas deb topgani haqida yozgan edi. Uning advokati Umidbek Davlatov hukmni «mutlaqo adolatsiz» deb atadi. Bloggerning o‘zi «Surxondaryoda na haqiqat, na adolat bor», dedi. Iyul oyida apellyatsiya sudi bloggerga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan, biroq Termiz shahridan sotib olgan ikki xonadonni qaytarib berishga qaror qilgan.

2021 yilning 29 yanvarida Surxondaryo viloyati Termiz IIB xodimlari bloger Otabek Сатторийни hibsga olgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bir kishini majburan mashinaga o‘tirg‘izib, olib ketgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Dastlab Jinoyat ishi 165-moddaning 1-qismi (tovlamachilik) bilan qo‘zg‘atilib, so‘ngra ushbu moddaning 2-qismiga qayta tasniflangan, keyinchalik yangi ayblovlar qo‘yilgandi.