2022 yil 1 iyuldan boshlab, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida «Xavfsiz yo‘l» indeksini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu prezidentning 4 apreldagi qarorida qayd etilgan.

Bu bilan hududlarda yo‘l harakatini samarali tashkil etish holatini baholash va bu borada mahalliy hokimiyat organlarining mas’uliyatini kuchaytirish maqsad qilingan.

Indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati maxsus komissiyalar tomonidan 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi.

Tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.

Indeksni yuritish vazifasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari zimmasiga yuklanadi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda yetakchi ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda, indeksni yuritish metodologiyasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlaydi.

Avvalroq, mazkur hujjat bilan 1 dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanishi haqida yozgandik. Unga ko‘ra, bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi ma’lum muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.