O‘zbekiston musulmonlari idorasining axborotiga muvofiq, 2022 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 2 aprel kuniga to‘g‘ri keladi.

Bu prezident 31 mart kuni «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida qayd etilgan. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda ushbu muborak oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, shukronalik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, mamlakatdagi tinch va farovon hayotni qadrlash, oilalar hamda mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Avvalroq, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining tarovih namozlarida xatm qilinadigan Qur’oni karim taqsimoti jadvalida tarovih namozlari 1 apreldan boshlanishi ko‘rsatilgandi. Bunga qadar esa Qoraqalpog‘istonda Ramazon 2 apreldan boshlanishini e’lon qilgandi.

31 mart kuni prezident videoselektor yig‘ilishida Ramazon oyida narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatib, naxrlarni arzonlashtirish bu ulug‘ ayyom kunlarida katta savob ekanligini barcha tadbirkorlarga tushuntirish kerakligini ta’kidlagandi.