29 mart kuni Samarqandning Spitamen ko‘chasida joylashgan Samarqand Davlat universiteti yotoqxonasining 9-qavatidan mazkur OTM talabasi bo‘lgan qiz o‘zini tashlab yubordi. Bu haqda Zamon informatsion dasturida e’lon qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, qiz voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. U universitetning kechki ta’lim shaklida ikkinchi bosqichida tahsil olgan.

SamDUning yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi prorektori Shahzoda Negmatova qizning OTM o‘qituvchilari va talabalari bilan hech qanday nizoli vaziyati bo‘lmaganini ma’lum qildi.

«Qizimiz tarbiyali, og‘ir-bosiq, faqat ozgina jur’atsizroq bo‘lgan. O‘qishga qiziqqan. Hozir talabalarga ishlashga imkon berilgan bo‘lsa-da, u «yo‘q, men avval yaxshi bilim olishim kerak» degan pozitsiyani tutgan qizlarimizdan bo‘lgan. Har bitta kursdoshi bilan, xonadoshi, o‘qituvchilari bilan gaplashdik, hech kim bilan hech qanday «konflikt"i yo‘q bo‘lgan», — dedi u.

Qayd etilishicha, qiz yotoqxonaning 6-qavatida yashagan, ammo u 9-qavatga chiqib o‘zini tashlagan. Hodisa hamma uyquda vaqtida sodir bo‘lgan. Yotoqxonada yashovchilarning aksariyati hodisa haqida ichki ishlar xodimlari kelganidan keyin xabar topganini ta’kidladi.

«Soat o‘n yarimgacha darslarimni qildim, o‘n yarimda xonodashim chiroqni o‘chirdi. Oqshom soat aniq nechaligini bilmayman, koridorda juda qattiq shovqin eshitildi», — deya eslaydi qizning xonadoshi.

Qizning dugonalaridan biri «u so‘nggi vaqtlarda juda tushkun kayfiyatda bo‘lgan"ligini aytdi.

Xozirda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.